Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Tarixiy jarayon, manba, talqin va amaliyot uyg‘unligi

30.04.2020, 21:46 Yangiliklar 2316

Toshkent davlat sharqshnoslik universiteti “Markaziy Osiyo xalqlari tarixi va manbashunosligi” kafedrasi 2009 yildan buyon davomiy ravishda “Tarixiy manbashunoslik, tarixshunoslik, tarix tadqiqoti metodi va metodologiyasining dolzarb masalalari” mavzuida nazariy va amaliy muammolarga bag‘ishlangan yillik Respublika konferensiyasini o‘tkazib kelmoqda. O‘tgan davr ichida ushbu konferensiya Respublika tarixchi olimlari, yosh tarixchi mutaxassislar, aspirantlar, tayanch doktorantlar, magistrant va talabalar uchun nufuzli minbarga aylanib ulgurdi. Kuni kecha konferensiyaning 12-navbati COVID-19 pandemiyasi sabali favquloda karantin – “Hamma uyda” vaziyatida masofaviy onlayn formatida bo‘lib o‘tdi. Sharoit murakkabligiga qaramay konferensiya ishida akademik olimlar, professorlardan boshlab tarixchi talabalargacha yuzdan ortiq ma’ruzachi qatnashdi. Bu holat tariximizni o‘rganish ishida avlodlar uzluksizligidan, fanning ertagi kuni o‘z tadqiqotchilariga ega bo‘lajagidan dalolatdir.

Quvonarli yeri shundaki, ushbu konferensiya muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga universitet maqomini berish to‘g‘risidagi shu yil 16 aprel kuni e’lon qilingan 2995- PQ sonli Qarorlariga munosib javob bo‘ldi. Xususan, Qarorda belgilangan “Sharq mamlakatlarining tillari, tarixi, madaniyati, moddiy va ma’naviy merosi…antropologiyasi, etnologiyasi, adabiyoti, falsafasini , qadimiy yodgorlik va qo‘lyozmalarni ilmiy o‘rganish” kabi muhim vazifalarni munosib darajada bajarish yo‘lida mazkur konferensiya dastlabki qadam bo‘ldi. Mohiyatan ushbu Qaror milliy tarixni, ajdodlarimizdan qolgan boy moddiy va ma’naviy merosni, qo‘lyozma fondlarimizdagi yuz minglab yodgorliklarni saqlash, o‘rganish va keng targ‘ib qilish ishlariga davlatimiz ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligining tadrijiy davomidir.
Konferensiya dasturidan ellikka yaqin tarixiy manbaashunoslik, yigirmadan ortiq tarixshunoslik, o‘nga yaqin etnologiyaning dolzarb masalalariga, tarix tadqiqotlari hamda ta’limi metodi va metodologiyasiga bag‘ishlangan ma’ruzalar o‘rin oldi. Ayniqsa, manbaashunoslik va tarixshunoslik yo‘nalishlariga oid ma’ruzalarning soni va salmog‘i yetakchi bo‘lganini mamnuniyat bilan qayd etmoq o‘rinlidir. Zero, tarixni manbaasiz tasavvur qilish aslo mumkin emas. Qolaversa, tarixiy manbaashunoslik sohasi uchun yetuk malakali kadrlar tayyorlash masalasi ham bugun kechiktirib bo‘lmas zarurat bo‘lib turibdi. Bu masalada tarixshunoslik sohasi o‘z so‘zini aytishi, tarix tadqiqotlari va ta’limining metodologik xolisona va haqqoniy asoslarini yanada puxta ishlab chiqishi muhim va dolzarbdir.

Professor Mirsodiq Ishoqov