Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Xalqaro hamkorlik bo’limi xabarlari

XALQARO HAMKORLIK BO‘LIMI
XABARLARI
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga tashrif buyurgan xorijiy mehmonlar

2019-yilning 3-oktyabrida TDSHIga Belorusiya strategik tadqiqotlar instituti 2 nafar xodimi Anton Dudaryonok va Yuriy Yarmolinskiylar tashrif buyurishdi. TDShI rahbariyati bilan uchrashuv chog’ida Belorussiya tadqiqotlar instituti faoliyati haqida mehmonlar ma’lumot berishdi. Shu o’rinda institut rektori G.Rixsiyeva tomonidan TDShI faoliyati va institutdagi ilmiy tadqiqot markazlari haqida ma’lumot berildi. Uchrashuv doirasida kelgusidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi hamda ko’plab masalalar yuzasidan muzokaralar olib borildi. Ikki tomonlama hamkorlik yanada uzoq va bardavom bo’lishiga yanada ishonch bildirilib, mehmonlar tashrifi yakunlandi.

1

2019-yil 8-oktyabr kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat test markazining bir necha xodimlari Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga tashrif buyurishdi. Tashrif davomida mazkur xodimlar Toshkent davlat sharqshunoslik institutida turkshunoslik sohasida amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar va tadqiqot sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdi. Uchrashuv davomida TDShI rektori G.Sh.Rixsiyeva tomonidan bugungi kunda institutda turkshunoslik sohasining rivoji, qolaversa kelgusidagi rejalar haqida ma’lumotlar berib o’tildi. Tashrif buyurgan mehmonlar institutdagi turkshunoslik sohasidagi izlanishlar uchun chuqur minnatdorchiliklarini izhor etib, kelgusida hamkorlik yanada bardavom bo’lishida umid bildirib qolishdi.

2

2019-yilning 24-oktyabrida TDSHIga Toshkent shahridagi Pokiston Islom Respublikasi elchixonasining konsuli Taxir Aziz Choudri va harbiy attashe Aezaz Aizad Amin tashrif buyurishdi. TDShI rahbariyati bilan mehmonlar Pokistonning nufuzli oliy ta’lim muassasalari o’rtasida tegishli ta’lim yo’nalish va mutaxassisliklar bo’yicha hamkorlik aloqalarini o’rnatish masalalarini muhokama qilishdi. Shu bilan birga, tashrif doirasida TDShIdagi O’zbekiston -Pokiston markazida urdushunos professor-o’qituvchi va talabalari bilan uchrashuv bo’lib o’tdi. Uchrashuv yakunida ikki tomon ham hamkorlik aloqalari uchun o’z minnatdorchiliklarini bildirib qolishdi.

3

2019-yil 24-oktyabrda O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashkilotlari tomonidan Afg’oniston Islom Respublikasi Balx viloyatidan Mujir Vahob boshchiligida yozuvchilar va shoirlaridan iborat 9 kishilik ijodiy guruh Toshkent davlat sharqshunoslik instituti “Eron-afg’on filologiyasi” kafedrasi professor-o’qituvchi va talabalari bilan uchrashdi. Tadbirni Toshkent davlat sharqshunoslik instituti O’quv va tarbiyaviy ishlar bo’yicha prorektor, f.f.n., dots. A.A. Vaxidov kirish so’zi bilan ochib berdi va tashrif bilan samimiy qutlab o’z minnatdorchiligini bildirdi. Tabrik so’zini O’zbekiston-Afg’oniston do’stlik jamiyati raisi, f.f.d., prof. A.A. Mannonov davom ettirdi. Jamiyat raisi o’z nutqida O’zbekiston va Afg’oniston Respublikalari o’rtasidagi do’stlik munosabatlari davom etishi har ikki mamlakat uchun manfaatli ekanligini, oxirgi yillarda Afg’oniston Prezidentining O’zbekistonga 4 marotaba tashrif buyurgani, davlatlarimiz o’rtasidagi, xususan, adabiyot va ilm-fan sohalaridagi do’stlik aloqalarining yaxshilanib borayotgani, hurmatli mehmonlarning bugungi tashrifi o’zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga to’g’ri kelganining o’ziga xos ma’noga ega ekanligini ta’kidladi. Toshkent davlat sharqshunoslik institutida dariy, pushtu va fors tillarida dars berib kelayotgan professor-o’qituvchilarni tanishtirdi. Afg’oniston Islom Respublikasidan tashrif buyurgan adabiyot vakillari afg’on adabiyotining hozirgi holati, ijodiy ishlarning nashr masalalari bo’yicha o’z fikrlari bilan o’rtoqlashdilar, dariy va o’zbek tillarining mushtarakligiga alohida urg’u berdilar. Mehmonlar o’z qalamlariga mansub dariy, o’zbek tillaridagi ijod namunalari bilan o’rtoqlashdilar. Eron-afg’on filologiyasi kafedrasi talabalari ham o’zlari o’rganayotgan dariy va pushtu tillarida she’rlar yodlab berdilar. Tadbir so’nggida mehmonlar talabalarning dariy va pushtu tillaridagi savollariga o’z ona tilida javob berdilar.

2019-yil 26-oktyabrda Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga Turkiya Respublikasi Afyon Kokatepe universiteti Zamonaviy turk dialektikasi va adabiyoti kafedrasi mudiri Axmet Karaman tashrif buyurdi. Uchrashuvda Sharq filologiyasi fakulteti dekani Q.Omonov, “Turkiy tillar” kafedarsi mudiri P.Kenjaeva va kafedra professori Mustafa Karazeybek, “Mumtoz filologiyasi” kafedrasi professori Q.Sodiqov va Xalqaro xamkorlik bo’limi metodisti U.Isroilov ishtirok etishdi. Uchrashuv chog’ida mehmon Afyon Kokatepe universiteti Zamonaviy turk dialektikasi va adabiyoti kafedrasining faoliyati, shu jumladan, mavjud o’zbek-uyg’ur, qozoq-qirg’iz, turkman-ozarbayjon, kavkaz tillari yo’nalishlarida kafedra tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xaqida ma’lumot berdi. Shu o’rinda TDShI dekani Q.Omonov tomonidan institut va Sharq filologiyasi fakulteti faoliyati, turkologiya sohasining rivojlanishi va “Turkiy tillar” kafedrasida amalga oshirilayotgan ishlar to’g’risida ma’lumotlar berib o’tildi va qisqacha tanishtirildi. Kelgusida TDShI va Afyon Kokatepe universitetlari o’rtasida tegishli ta’lim yo’nalishi va magistratura mutaxassisliklari bo’yicha hamkorlik aloqalarini o’rnatish masalalarini muhokama qilinishiga kelishildi hamda uchrashuv o’z yakuniga etdi.

7

2019-yil 30-oktyabr kuni O’zbekiston Respublikasidagi Hindiston Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Santosh Dja, Hindiston Respublikasining Toshkent shahridagi L.B.Shastri nomidagi Madaniyat markazi direktori prof.Chandra Shekxar, Hindiston Respublikasining Markaziy hindiy tili instituti direktori o’rinbosari prof.K.Goyanka va Uttar Pradesh hindiy tili oliygohidan doktor Ravi Tekchandanilar Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga tashrif buyurdilar. Uchrashuvning birinchi qismida TDShI rahbariyati va elchi boshchiligidagi hind mehmonlari bilan institut rektoratida qisqa fursatli uchrashuv amalga oshirildi. Mazkur uchrashuv doirasida O’zbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi aloqalarining qadimiyligi va uni bardavomligi, ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada yangi pog’onaga ko’tarish bilan bog’liq masalalar muhokama qilindi. Shu bilan birga, Hindiston oliy ta’lim muassasalari mutaxassislarini institutimizga hindiy tili va adabiyoti, tarixi, madaniyati, falsafasi va iqtisodi bo’yicha talabalarga dars berish uchun taklif etish hamda institut o’qituvchi va talabalarining o’z bilimlarini mustahkamlash uchun Hindiston oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish, shuningdek, hamkorlikda hindshunoslik bilan bog’liq qo’shma ilmiy loyihalar ustida ish olib borish kabi masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Uchrashuvning ikkinchi qismida Janubiy va Janubiy Sharqiy Osiyo tillari kafedrasi huzuridagi M.Gandi nomidagi Hindshunoslik markazida “Hindiy tili va adabiyoti hamda Mahatma Gandi” mavzusida seminar o’tkazildi. Mazkur tadbirda professor K.Goyanka, R.Tekchandani, prof.Chandra Shekxarlar so’zga chiqib talabalarga Maxatma Gandi va Premchand haqida yangi ma’lumotlarni etkazdilar. Kafedra talabalari ham o’zlarining Maxatma Gandining hayoti, ijtimoiy faoliyati, o’gitlari bilan bog’liq mavzularda chiqishlar qildilar. Seminar yakunida institutda Premchand asarlari bo’yicha kitoblar ko’rgazmasi bo’lib o’tdi.

8 944

2019-yil 12-noyabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga Yaponiyaning Nagoya iqtisodiyot universiteti rektori Xaruo Saburi boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Tashrif doirasida Xaruo Saburi Nagoya iqtisodiyot universiteti faoliyati, universitet bitiruvchi talabalarini ish bilan ta’minlash tizimi to’g’risida ma’lumotlarni berib o’tdi. Shu o’rinda TDShI Xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektori E.Maxmudov institut faoliyati, bugungi kunda yaponshunoslikning rivojlanishi, institutda “Yaponshunoslik” fakultetining tashkil etilganligi haqida ma’lumot berdi. Uchrashuv chog’ida Nagoya iqtisodiyot universiteti hamda TDShI o’rtasida iqtisodiyot yo’nalishi bo’yicha bakalavriat bosqichida qo’shma ta’lim dasturi “Double degree” loyihasi amalga oshirilishi hamda universitetlar o’rtasida hamkorlik o’rnatish masalalari muhokama qilindi. Mazkur uchrashuv yakunida har ikki oliy ta’lim muassasa vakillari uchrashuvdan minnatdor ekanliklarini bildirishdi. Shundan so’ng, yapon delegatsiyasi yapon tili kafedrasi va kutubxonasi bilan tanishishdi.

3434

2019-yilning 12-noyabrida Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga Turkiya Respublikasining Xorijlik turklar va qavm jamiyatlar idorasi raisi A.Eren boshchiligidagi delegatsiya a’zolari tashrif buyurdi. Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari faoliyati, bugungi kunda hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Turkiya Respublikasi tomonidan ajratilayotgan ta’lim grantlari to’g’risida ma’lumotlarni berib o’tdi. Shu o’rinda TDShI rektori G.Rixsiyeva institutda bugungi kunda turkshunoslik sohasining rivoji, Turkiya Respublikasi oliy ta’lim muasasalari bilan o’rnatilgan hamkorlik haqida ma’lumot berdi. Uchrashuv chog’ida xorijlik turklar va qavm jamiyatlar idorasi raisi O’zbekiston Respublikasida turk tilini o’rganayotgan hamda tadqiqotlar olib borishni istaganlar uchun grantlar tashkil etish, ularning sonini oshirish istagi mavjud ekanligini bildirdi. Uchrashuv yakunida har ikki tomon o’z minnatdorchiligini bildirib, kelajakda hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga umid bildirdi.

2019-yil 20-noyabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga Koreya Respublikasining KOICA tashkilotidan bir guruh a’zolar tashrif buyurishdi. Ikki tomonlama amalga oshirilgan uchrashuv Koreyashunoslik fakulteti dekani Sh.Usmanova tomonidan ochib berildi. So’ng mazkur fakultet o’qituvchisi A.Minsagitov tomonidan KOICA tashkiloti hamkorligida amalga oshirilgan malaka oshirish dasturi bo’yicha seminar-trening o’tkazildi. Uchrashuvning ikkinchi qismida tashkilot tomonidan malaka oshirish uchun turli dasturlar borligi haqida tashkilot xodimlari tomonidan ma’lumotlar berildi. Tashrif yakunida uchrashuvda ishtirok etgan fakultet o’qituvchi va talabalari tomonidan mazkur dasturlar yuzasidan qiziqtirgan savollarga javoblar berildi hamda hamkorlik uchun har ikki tomon minnatdorchilini bildirdi.

2019-yil 3-dekabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga O’zbekiston Respublikasidagi Koreya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Kan Chje Kvon boshchiligidagi delegatsiya a’zolari tashrif buyurishdi. Tashrifning birinchi qismida institut rektori hamda elchi janoblari o’rtasida qisqacha suhbat bo’lib o’tdi. Unda institut rektori G.Sh.Rixsiyeva tomonidan bugungi kunda institutda koreyashunoslik rivoji haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, Koreya oliy ta’lim muassalari bilan davom etib kelayotgan hamkorlik masaalari muhokama qilindi. So’ng uchrashuvning ikkinchi qismida “Koreyashunoslik” fakulteti tomonidan tashkil etilgan “Koreya-O’zbekiston madaniyat muloqoti, adabiyoti muloqoti” mavzusidagi tadbirda ishtirok etishdi. Tadbirdan iliq taassurotlar bilan elchi janoblari institutda koreyashunoslik sohasining rivoji va o’rni uchun cheksiz minnatdorchiligini bildirdi.

2019-yil 4-dekabr kuni Yaponiyaning O’zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yoshinori Fudjiyama boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga tashrif buyurishdi. Tashrifdan asosiy maqsad TDShIda Yaponshunoslik fakulteti rasmiy ochilish marosimida ishtirok etish hisoblanib, tashrif davomida institutda yapon tilini o’rganish masalalari haqida ham muzokaralar o’tkazildi. Elchi janoblari institutda yaponshunoslik sohasining rivojini bundanda yuksaklarga ko’tarishga umid bog’lab, uchrashuvdan juda mamnun ekanligini izhor etdi.

2019-yil 5-dekabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining Shimoli-G’arbiy Minzu universiteti xodimlaridan iborat delegatsiya a’zolari Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga tashrif buyurdi. Uchrashuvni TDShI rektori G.Sh.Rixsiyeva bugungi kunda xitoy tilini o’rganayotgan talabalar salmog’i haqida so’zlab ochib berdi. Shundan so’ng, Shimoli-G’arbiy Minzu universiteti xodimlari institutning tashkil topishi, faoliyati va kelgusidagi rejalari bilan o’rtoqlashdi. So’ng ikki tomon kelgusida TDShI va Shimoliy-G’arbiy Minzu universiteti o’rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, talabalar almashinuvini yo’lga quyish to’g’risida muzokaralar o’tkazildi hamda o’z fikrlarini bildirishdi. Tashrif buyurgan oliy talim muassasa xodimlari uchrashuvda cheksiz minnatdor ekanliklarini izhor etib, hamkorlik aloqalari kelgusida yanada bardavom bo’lishiga ishonch bildirishdi.

2019-yil 23-dekabr kuni Pokiston Islom Respublikasi Ithat gazetasi muharriri Taxir Farrux Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga tashrif buyurdi. Tashrifdan asosiy maqsad, O’zbekiston Respublikasida bo’lib o’tayotgan saylov jarayonlarida ishtirok etish ekanligini bildirdi. Tashrif davomida TDShIda ta’lim jarayonlari bilan ham qisqacha tanishib, urdu tili sohasi rivoji haqida ma’lumotlar olishdan iborat ekanlini ham keltirib o’tdi. Mazkur masalalar yuzasidan Taxir Farruxga institut xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektori E.Maxmudov tomonidan ma’lumotlar berildi. Uchrashuv yakunida muharrir tashrifdan juda mamnun ekanligini bildirib, institut rahbariyatiga o’z minnatdorchiligini izhor etdi.

2020-yilning 7-yanvar kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga  Koreya Respublikasining Kyongdong universiteti rektori Djon Li boshchiligidagi delegatsiya a’zolari tashrif buyurdi. Uchrashuvda  o‘tgan davr mobaynidagi o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari muhokama etildi va kelgusi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi. Uchrashuvdan so‘ng Kyongdong universiteti rektori  Djon Li Koreyashunoslik fakultetining  Kyongdong universiteti bilan birgalikda tashkil etilgan  qo‘shma ta’lim dasturi doirasida tahsil olayotgan 1 kurs talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar mazkur qo‘shma ta’lim dasturi doirasida tahsil olayotgan 9 nafar talabalarning 2020-yil yoz oyida Kyongdong universitetida 1 oylik stajirovka o‘tashlariga kelishildi.
photo_2020-06-29_12-30-49

2020-yilning 14-yanvar kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi rahbari o‘rinbosari Muxammad El Sukkari va elchixona birinchi kotibi Xalid Moxamed Fekriy tashrif buyurdilar.

Mazkur uchrashuvda TDShI rektori G.Rixsiyeva mehmonlarga institut tarixi va faoliyati haqida ma’lumot berdi. Xususan, institutda Arab filologiyasi kafedrasi 1944-yildan  faoliyatini boshlaganligi, 76 yil mobaynida 3000dan ortiq arabshunoslar  tayyorlangani, ulardan mashhur akademiklar, elchilar, jamoat  arboblari va tadbirkorlar yetishib  chiqqanlari xamda bugungi kunda TDShIda arab filologiyasi, tarix, falsafa, iqtisod va jahon siyosati yo‘nalishlarida 600ga yaqin talaba asosiy va ikkinchi til sifatida arab tilini o‘rganayotganliklari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Mazkur uchrashuv doirasida TDShI va Misr Arab Respublikasining oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yangi pog‘onaga ko‘tarish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi va tegishli takliflar berildi. Shu o‘rinda Misrning Qohira universitetiga arabshunos talabalarni joriy yilning iyul-avgust oylarida arab tili bo‘yicha qisqa muddatli stajirovkaga yuborish masalasi bo‘yicha kelishib olindi.

photo_2020-06-29_12-18-52

2020 yil 21 va 29 yanvar kunlari Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga “BALCOM” o‘zbek-yapon qo‘shma korxonasi delegatsiyasi, yapon kompaniyasi boshqaruv raisi boshchiligida Tetsuro Yamasaka, kompaniya direktori Tetsuxiro Yamasaka hamda mazkur kompaniyaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Takafumi Xigashi tashrif buyurdilar. Kompaniya a’zolari bilan rasmiy uchrashuvda Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor E.Maxmudov, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i A.Muxsinov, Yaponshunoslik fakulteti dekani E.Matchanov va Yapon filologiyasi kafedrasi mudiri N.Xalmurzayevalar qatnashdilar.

Uchrashuvda “BALCOM” kompaniyasi boshqaruv raisi Tetsuro Yamasaka nafaqat mazkur kompaniyaning rahbari, balki Xiroshima Universiteti Vasiylar Kengashining a’zosi sifatida ham, har ikkala tomon uchun o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish masalalari ustida o‘z takliflarini bildirdi. Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor E.Maxmudov Xiroshima Universitetida TDShI professor-o‘qituvchilarining malaka oshirishlari va talabalar almashinuvi dasturlari borasida hamkorlik qilish taklifini berdi. Delegatsiya rahbari janob Tetsuro Yamasaka ushbu takliflarni Xiroshima Universiteti rektoriga yetkazib qo‘yishga va kelgusida amaliy yordam berishga va’da berdi.

Bundan tashqari kompaniya rahbarlari istiqbolda TDShI talabalarini kompaniyaning Yaponiyadagi ofislariga va O‘zbekistondagi vakolatxonasiga ishga taklif etish maqsadida  Yaponshunoslik Fakulteti 4-bosqich talabalari bilan bevosita Yaponiyada ishga joylashish masalalari haqida yapon tilida savol-javob tarzida suhbatlashdilar. Suhbat yakunida “BALCOM” kompaniyasi boshqaruv raisi Tetsuro Yamasaka talabalarning yapon tilini bilish darajalari uning taxmin qilganidan ancha yuqori ekanini e’tirof etdi.

photo_2020-06-29_12-13-56

   2020 yilning 30 yanvar kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga Indoneziyaning Favqulodda va Muxtor Elchisi Sunario Kartadinataning rahbarligida elchixona a’zolari tashrif buyurishdi.

Mazkur uchrashuvda TDShI rektori G.Rixsiyeva mehmonlarga institut tarixi, faoliyati hamda bugungi kundagi indonezshunoslik rivojlanishi haqida ma’lumot berdi. Shu bilan birga, institutda 2013 yildan beri faoliyat ko‘rsatayotgan “Indonez tili va madaniyati” markazi oldida kelgusida qo‘yilayotgan vazifalar haqida ham fikr almashildi.

Mazkur uchrashuv doirasida TDShI va Indoneziya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yangi pog‘onaga ko‘tarish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi va tegishli takliflar berildi. Shu o‘rinda Indoneziyaning Favqulodda va Muxtor Elchisi tomonidan indonez tilini o‘rganayotgan talabalar uchun TDShI Axborot-resurs markaziga 150ga yaqin kitoblar sovg‘a tariqasida taqdim etildi.

photo_2020-06-29_12-18-53 (3)

2020 yilning 31 yanvar kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga  Yaponiyaning “MITSUI” kompaniyasining Nursulton, Ostona va Toshkent shahridagi filiallari bosh direktori janob Xirosuke Matsuoka tashrif buyurdi. Uchrashuvda TDShI tomonidan Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor E.Maxmudov, Yaponshunoslk fakulteti dekani E.Matchanov, Yapon filologiyasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar.

Janob Xirosuke Matsuoka bilan o‘tkazilgan muzokara natijasida Yaponshunoslik fakulteti bitiruvchilarining ilmiy salohiyati va yapon tilini bilish darajalari yuqori ekanligini e’tirof etgan holda, “MITSUI” kompaniyasining Toshkent shahridagi vakolatxonasida doimiy ravishda ishlash uchun 1-2 nafar bitiruvchi talabani ishga olish masalasida  fikr almashildi. Kelgusida mazkur yo‘nalish bitiruvchi talabalar bilan davra suhbatlarida vakilning qatnashishi va istiqbolda Yaponshunoslik fakultetining moddiy-texnik bazasini va mutaxassislikka doir o‘quv adabiyotlari bilan yangilashga ko‘mak berishi kelishib olindi.

photo_2020-06-29_12-18-542020 yil 2 mart kuni O‘zbekistondagi Hindiston elchixonasi va L.B.Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi TDShI “Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo tillari” kafedrasi qoshidagi Maxatma Gandi hindshunoslik markaziga 5.500 AQSh dollari qiymatidagi elektron doskani sovg‘a qildi. Kompyuter, televizor, proyektor, radio va boshqa bir qancha vazifalarni bajaruvchi ushbu doska talabalarga hindiy tilini chuqur o‘rganish, ayniqsa, internet yordamida hindiy tilini jonli tinglash va bu orqali talaffuzni yaxshilash, hind madaniyati, urf-odatlarini o‘rganish kabilarni o‘zlashtirishda juda yaxshi va qulay amaliy yordam ko‘rsatadi.

Elektron doskani rasmiy topshirish uchun L.B.Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi direktori, professor Chandra Shekxar janobi oliylari TDShIga tashrif buyurdilar. Doskani qabul qilish jarayonida TDShI halqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori E.Maxmudov, halqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i A.Muhsinov, “Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo tillari” kafedrasi mudiri U.Muxibova, kafedra o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdilar.

photo_2020-06-29_12-18-54 (2)2020-yilning 9-mart kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga Boltiq halqaro akademiyasi senati raisi professor Stanislav Buka tashrif buyurdi. Mazkur uchrashuvda TDShI rektori G.Rixsiyeva mehmonga institut faoliyati va tarixi haqida ma’lumot berdi. Suhbat davomida TDShI va Boltiq halqaro akademiyasi bilan hamkorlikni yangi pog‘onaga ko‘tarish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi va tegishli takliflar berildi. Uchrashuvda TDShI va Boltiq halqaro akademiyasi bilan magistraturada qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqildi. Uchrashuv so‘ngida Stanislav Buka O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasida olib borilayotgan izchil islohotlarga yuqori baho berdi.

photo_2020-06-29_12-18-54 (3)

03.12.2020, 23:10 9647