Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

XITOY TILINI CHET TILI SIFATIDA O‘QITISH METODIKASI MASALALARIGA BAG‘ISHLANGAN VEBINAR XUSUSIDA

25.08.2020, 20:20 Yangiliklar 2229

Joriy yilning 5-25 avgust kunlari XXR Pekin pedagogika universiteti Xalqaro madaniyat fakulteti tomonidan xitoy tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish bo‘yicha bir qator vebinarlar tashkil etildi. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Xitoy filologiyasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari va TDSHU huzuridagi Konfutsiy instituti o‘qituvchilari onlayn kurslarda faol ishtirok etdilar. Vebinar  “Voov” platformasi orqali olib borildi, Pekin pedagogika universiteti Xalqaro madaniyat fakulteti professor-o‘qituvchilari tomonidan ma’ruzalar tinglandi. Ushbu vebinarda ma’ruzalari bilan qatnashgan o‘qituvchilar xitoy tilini chet tili sifatida o‘qitishda katta tajribaga ega bo‘lib, dunyoning turli mamlakatlarida ko‘ngilli mutaxassislar sifatida faoliyat olib borganlar. Vebinarlardagi ma’ruzalar madaniyatlararo aloqalar doirasida xitoy tilini o‘qitishning zamonaviy muammolariga bag‘ishlandi. Kunlik 1 soat 30 daqiqa davom etgan ma’ruzalarda, asosan,  xitoy tilini o‘qitishning turli darajalaridagi so‘zlashish, o‘qish, yozish, grammatika, leksika kabi jihatlarini qamrab oluvchi masalalarga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, chet tilini o‘zlashtirish jarayonida talabalarning psixologik muammolari ham ta’kidlab o‘tildi. Konfutsiychilikning asosiy kitobi « Lun Yu » va Xitoyning ta’limiy tafakkuri xususida ma’ruza o‘qildi. Dotsent Li Ruy « Lun Yu »ni adabiy yodgorlik ekanligini, xitoy klassik ta’limining majburiy talablaridan biri , uni yoddan bilish shart ekanligini ta’kidladi. Amaliy tilshunoslik bo‘yicha tinglangan ma’ruza, shuningdek, boshqa mavzudagi ma’ruzalar juda foydali bo‘ldi, ularda xitoy tilini o‘rganishda talabalarning nutqida uchraydigan xato va kamchiliklar ustida ishlash, ularni bartaraf etish maqsadida tahlillar olib borish kabi muhim masalalar ham muhokama qilindi. Vebinar yakunida barcha tinglovchilarga maxsus sertefikatlar taqdim etildi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, shu paytga qadar o‘qituvchilar malakasini oshirish XXR universitetlarida bevosita amalga oshirib kelinar edi. Bu galgi malaka oshirish kurslari ilk bor onlayn tashkil etilib, kafedra o’qituvchilari uchun yangi tajriba vazifasini ham o’tadi.

Ushbu vebinarni tashkil qilgan Pekin pedagogika universitetining Xalqaro madaniyat fakulteti rahbariyatiga, ma’ruzalar bilan ishtirok etgan barcha professor o‘qituvchilarga, shuningdek, ushbu vebinarda ishtirok etish imkoniyatini yaratib bergan TDSHU rahbariyatiga minnatdorchilik bildiramiz.

Bundan tashqari, Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti qoshidagi Konfutsiy instituti hamda TDSHU huzuridagi O’zbekiston-Xitoy Konfutsiy institutiga ham minnatdorchilik bildirib qolamiz.