Xitoyning Sian shahrida “Study in Uzbekistan” milliy ta’lim ko‘rgazmasi boshlandi
Xitoyning Sian shahrida uchinchi “O‘zbekiston–Xitoy hududlararo hamkorlik” forumi doirasida “Study in Uzbekistan” milliy ta’lim ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomov boshchiligida O‘zbekistonning 43 ta oliy ta’lim muassasasi o‘z ta’lim dasturlari va xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini namoyish etmoqda.
Ko‘rgazmada Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti delegatsiyasi tarkibida doktorant Dilshod Badalbayrv ham ishtirok etmoqda. Universitet pavilyonida Xitoyning Shanxi Normal University, Xi’an International Studies University va Xi’an Technological University vakillari hamda abituriyentlarga ta’lim yo‘nalishlari va ilmiy salohiyat haqida ma’lumot berildi.
Tadbir doirasida Liaoning Normal University rektori, professor Luo Wenbo universitet pavilyoniga tashrif buyurib, hamkorlik masalalari yuzasidan muloqot o‘tkazdi hamda esdalik sovg‘alari almashildi.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari O‘ktam Salomov universitet ko‘rgazma burchagiga tashrif buyurib, TDSHU faoliyati va xalqaro loyihalar bilan yaqindan tanishdi. Ko‘rgazma davomida talaba-yoshlar va abituriyentlarga universitet imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.


