Yaponiyaning JICE va JBMA vakillari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-yil 21-avgust kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Yaponiya Xalqaro Hamkorlik Markazi (JICE) hamda Yaponiya Binolarga Texnik Xizmat Ko‘rsatish Assotsiatsiyasi (JBMA) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida xorij tomoniga TDSHUda yaponshunoslik yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash tizimi, ta’lim jarayonida foydalanilayotgan darslik va o‘quv-uslubiy adabiyotlar, talabalar uchun yaratilgan amaliy til muhiti hamda bitiruvchilarning keyingi kasbiy faoliyati haqida ma’lumot berildi. Bitiruvchilarning ta’lim, tarjimonlik, xalqaro aloqalar, davlat va xususiy sektor hamda Yaponiya bilan bog‘liq turli yo‘nalishlarda faoliyat olib borish imkoniyatlari yuzasidan ham fikr almashildi.
Shuningdek Yaponiyada ta’lim olish, mehnat qilish yoki boshqa professional faoliyatni amalga oshirishni rejalashtirayotgan fuqarolarning yapon tili bo‘yicha tayyorgarligi masalasi alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Uchrashuvda TDSHU va JICE o‘rtasida yapon tilini mehnat bozori talablariga mos ravishda o‘qitish, zamonaviy o‘quv-metodik materiallar va ilg‘or pedagogik yondashuvlarni joriy etish, professor-o‘qituvchilar uchun malaka oshirish va tajriba almashish dasturlarini tashkil etish, shuningdek, talabalar uchun Yaponiya mehnat muhiti va karyera imkoniyatlariga bag‘ishlangan seminar va treninglar o‘tkazish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvning keyingi qismida Yaponiya Binolarga Texnik Xizmat Ko‘rsatish Assotsiatsiyasi (JBMA) vakillari bilan muloqot o‘tkazildi. JBMA vakillari bilan suhbatda malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj, mazkur yo‘nalishdagi kasbiy talablar, maxsus malaka imtihonlari hamda O‘zbekistondan nomzodlarni jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, kelgusida JBMAga a’zo kompaniyalar bilan axborot almashish va O‘zbekistonda tayyorlanayotgan nomzodlarni Yaponiyadagi ish imkoniyatlari bilan bog‘lash mexanizmlarini o‘rganish taklif etildi.
Muzokaralar yakunida TDSHU, JICE va JBMA o‘rtasida tizimli va uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, muntazam axborot almashish, qo‘shma seminar va treninglar tashkil etish, yapon tili ta’limi hamda kasbiy tayyorgarlikni xalqaro mehnat bozori talablariga moslashtirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Mazkur uchrashuv Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Yaponiya tashkilotlari bilan amaliy hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish, yaponshunoslik ta’limi sifatini oshirish, talabalar va bitiruvchilarning xalqaro mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini kuchaytirish hamda yoshlar uchun Yaponiyada ta’lim va mehnat qilish imkoniyatlarini kengaytirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.


