Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

TDSHUda Temuriylar tarixi davlat muzeyi bilan hamkorlikda Sohibqiron Amir Temur tavlludining 685 yilligiga bag‘ishlab davra suhbati o‘tkazildi.

31.03.2021, 15:03 Yangiliklar 2093

2021-yilning 30 – mart kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida O‘zRFA Temuriylar tarixi davlat muzeyi bilan hamkorlikda “Amir Temur va Temuriylar davri manbalari tarixshunosligi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Davra suhbatida tarix fanlari doktori, professor O.Bo‘riyev tomonidan ma’ruza qilinib, unda Temuriylar davri manbalari o‘rganilishiga doir mustaqillikdan keyingi yillarda bajarilgan tadqiqotlar haqida ma’lumotlar berdi. Xususan, mustaqillikdan keyingi davrdagi tadqiqotlarda Amir Temur shaxsiyati, temuriylar davri davlat boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy hayotining yoritilishi va unga doir yangicha yondashuvlari muhokama qilindi. 

Ushbu davra suhbati bir paytning o‘zida onlayn shaklda Zoom platformasi orqali tashkil qilingani Respublikamizning boshqa Oliy ta’lim muassasalari tarix fakulteti talabalari, tadqiqotchilar va mustaqil izlanuvchilar uchun nihoyatda foydali bo‘ldi. 

O.Bo‘riyev temuriyshunos olim sifatida O‘zRFA Temuriylar tarixi davlat muzeyida sohada qilingan eng oxirgi ishlar, Temuriylar davriga oid manbalarning o‘ziga xosligi va ularning qiyosiy tahlili masalasiga alohida e’tibor berish kerakligini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, talabalar va yosh tadqiqotchilar oldida bu borada qilinadigan ishlar ko‘pligini qo‘shimcha qildi.

Suhbat oxirida Temuriylar tarixi davlat muzeyi rahbari t.f.n. X.T. Fayziyev va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Sharq sivilizatsiyasi va tarix fakulteti” dekani Z.M.Qodirov so‘zga chiqib hamkorlikdagi tadbir haqidagi fikrlarini aytib o’z minnatdorchiliklarini bildirdilar.