Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

OQ YO‘L SENGA, BITIRUVChI

26.05.2021, 13:11 Yangiliklar 1570

Xalqimizda qutlug‘ bir odat bor. Uzoq safarga chiqishdan oldin ustozlar, keksalar va ota-onalardan oq yo‘l so‘raladi. Bugun ana shunday ma’rifiy karvon o‘z o‘qishlarini tugatib katta safarga chiqmoqda.

 25 may mamlakatimizdagi barcha maktab bitiruvchilarining ko‘ngillariga hayajon solib so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Bu yilgi tadbirlar har yilgidan o‘zgacha o‘tdi. Buning bosh sababi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz maktablari bitiruvchi o‘g‘il-qizlarga otalarcha yo‘llagan tabrigidadir. Yurtimiz ma’rifiy jamoatchiligini to‘lqinlantirib yuborgan ana shu tabrikda quyidagi so‘zlarni o‘qish mumkin: “Ushbu quvonchli ayyomda mamlakatimizdagi barcha maktablarda “so‘nggi qo‘ng‘iroq”lar yangrab, qariyb 438 ming nafar o‘quvchi yoshlarimiz yetuklik shahodatnomalarini qo‘llariga olmoqda.

 Bu nafaqat siz, aziz farzandlarimiz, balki biz – ota-onalar, ustoz-murabbiylar uchun ham g‘oyat quvonchli va hayajonli voqeadir. Chunki, qalbi pok orzu-umidlar bilan to‘lgan sizlar kabi navqiron, azmu shijoatli yoshlarimiz timsolida biz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan ta’lim-tarbiya sohasidagi sa’y-harakatlarimizning yana bir amaliy natijasini, xalqimiz va Vatanimiz kelajagini ko‘ramiz”.

 Bu yilgi so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlarida yurtimizdagi barcha OTMlar, xususan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rahbariyati, professor o‘qituvchilari ham faol qatnashdilar ular Zangiota tumanidagi 36- sonli, Mirobod tumanidagi 263 va 328- sonli, Yashnabod tumanidagi 170, 149, 204- sonli, Shayhontohur tumanidagi 22 va 29 sonli, Uchtepa tumanidagi 81- sonli maktablarda o‘tgan so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlarida qatnashib, bitiruvchilarga oq yo‘l tilab, yurtboshimiz tabrigi va ezgu so‘zlarini yetkazishdi. Chunonchi, yurtboshimiz tabrigidagi: “Mana shu unutilmas damlarda sizlar yangi hayot ostonasida turib, kelajak rejalarini tuzar ekansiz, oldingizda katta imkoniyatlar va mas’uliyatli vazifalar turganini barchamiz yaxshi anglaymiz.

Qalbingizdagi ezgu orzu-intilishlarni ro‘yobga chiqarishda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 137 ta oliy o‘quv yurti, 339 ta kasb-hunar maktabi, 193 ta kollej va 196 ta texnikum sizlarga muntazirdir” degan o‘rinni alohida ta’kidlab qayd etishdi. Shunigdek, bitiruvchilarni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida ko‘rishdan xursand bo‘lishlarini ham ta’kidlashdi.

Katta hayot sari tashlangan qadamingiz dadil va qutlug‘ bo‘lsin‼️

Oq yo‘l senga, bitiruvchi‼️