BRM va xalqaro reytinglar bo‘yicha seminar
2026-yil 3-4-sentabr kunlari Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) hamda xalqaro reytinglarda universitetning o‘rnini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan seminarlar tashkil etildi.
Seminarlar universitetning Xalqaro reytinglar bo‘limi xodimlari tomonidan institut va fakultetlarning professor-o‘qituvchilari uchun o‘tkazilib, unda BMT tomonidan belgilangan 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadining mazmun-mohiyati, oliy ta’lim muassasalarining ushbu maqsadlarni amalga oshirishdagi o‘rni hamda xalqaro reytinglardagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbirlar davomida Times Higher Education (THE) Impact Ratings, QS Sustainability Rankings va boshqa nufuzli xalqaro reytinglarda BRM ko‘rsatkichlarining tutgan o‘rni alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilarga universitet faoliyatida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, ta’lim jarayoni, ijtimoiy tashabbuslar hamda xalqaro hamkorlik loyihalarini Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan bog‘lashning amaliy jihatlari tushuntirildi.
Shuningdek, professor-o‘qituvchilarning ilmiy maqolalari, grant loyihalari, ijtimoiy tashabbuslari, talabalar bilan olib borayotgan ishlari hamda jamiyat rivojiga qaratilgan faoliyatlari universitetning xalqaro reytinglardagi natijalariga bevosita ta’sir ko‘rsatishi misollar asosida yoritildi. Seminarlar davomida har bir kafedra va akademik bo‘linma BRM yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarni tizimli ravishda hujjatlashtirish va ommaviy axborot vositalarida keng yoritish zarurligi qayd etildi.
Tadbirlar yakunida ishtirokchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, xalqaro reytinglar metodologiyasi, BRM ko‘rsatkichlari va universitetning kelgusi yillardagi strategik maqsadlari yuzasidan fikr almashildi. Mazkur seminar professor-o‘qituvchilarning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha xabardorligini oshirish, ularning ushbu yo‘nalishdagi faol ishtirokini rag‘batlantirish hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining xalqaro reytinglardagi o‘rnini yanada yaxshilashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.







