Xalqaro simpoziumda TDSHU o‘qituvchisining ishtiroki
2022-yil 22-24 may kunlari Malayziya davlatining rasmiy tili Malay tilini rivojlantirish va uni targ’ib qilish maqsadida, Malayziya Bosh vaziri tomonidan ilk bor tashkillashtirilgan “Xalqaro Malay tili” simpozium bo‘lib o‘tdi. Simpoziumda o‘nlab davlatlar qatorida O‘zbekistondan vakil bo‘lib, Malay tili o‘qituvchisi Munisa Muxtarova o‘zining “Malay tilini rivojlantirishda Oliy ta’limning o‘rni va dars jarayonining muhimligi” nomli ma’ruzasi bilan qatnashdi.
Simpoziumni Malayziya Bosh vaziri rasmiy nutq bilan ochib berdi. Simpoziumda 3 kunlik dastur bo‘yicha Malayziya, Indoneziya, Singapur, Tailand, Yaponiya, AQSH, Germaniya, Avstraliya, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Xitoy, Janubiy Koreya, Filippin, Fransiya, Rossiya, Kambodja davlatlaridan malayshunos olimlar, professor va o‘qituvchilar ishtirok etdilar.
Munisa Muxtarova o‘z ma’ruzasida O’zbekiston-Malayziya davlatlarining nafaqat ta’limiy balki, iqtisodiy-siyosiy aloqalarining tarixi va taraqqiyoti, O‘zbekiston ta’lim tizimida malay tilining so‘nggi yillardagi rivoji haqida, shu bilan birga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Kadrlar tayyorlash milliy dastur”i haqida, Prezidentimizning chet tillarini rivojlantirish bo‘yicha qilayotgan sa’y-harakatlari haqida malay tilida tinglovchilarga yetkazib berdi.
Simpozium 24-mayda Malayziya Bosh kotibi tomonidan rasmiy nutq bilan yakunlandi. Barcha ishtirokchilar Malayziya Bosh vaziri tomonidan imzolangan minnatdorchilik sertifikati bilan taqdirlandilar.
