Piza universitetida Markaziy Osiyo tarixi bo‘yicha ma’ruzalar: xalqaro e’tirof va yangi hamkorlik kelishuvlari
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (TDSHU) xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori, tarix fanlari doktori (DSc) Nodir Karimov 2026-yil 26–29-oktabr kunlari Italiyaning nufuzli Piza universitetida Erasmus+ dasturining Xalqaro kredit mobilligi (ICM) loyihasi doirasida ma’ruzalar o‘qidi.
Yuqori ilmiy va akademik saviyada tashkil etilgan ma’ruzalar Piza universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalarida katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, Markaziy Osiyoning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni, mintaqaning boy tarixiy-madaniy merosi hamda zamonaviy ijtimoiy jarayonlariga oid masalalar italiyalik professorlar va talabalar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Ma’ruzalar quyidagi uchta asosiy mavzuga bag‘ishlandi:
1. “Sivilizatsiyalar chorrahasi sifatida Markaziy Osiyo: Buyuk Ipak yo‘li tarixi”. Mintaqaning Sharq va G‘arb o‘rtasidagi tarixiy aloqalardagi o‘rni, Buyuk Ipak yo‘li hamda Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyatning yuksalishi.
2. “Markaziy Osiyoda o‘zlikni anglash, tarixiy xotira va o‘tmish siyosati”. Mintaqa xalqlarining tarixiy xotirasi, milliy o‘zligi va tarixiy merosning bugungi jamiyat hayotidagi ahamiyati.
3. “Markaziy Osiyo jamiyatlarida marosimlar, ramzlar va ijtimoiy ma’nolar”. Xalqlarning qadimiy urf-odatlari, madaniy an’analari, qadriyatlari va ularning ijtimoiy hayotdagi o‘rni.
Mashg‘ulotlar davomida talabalar bilan jonli ilmiy munozaralar tashkil etilib, Markaziy Osiyo tarixiga oid ko‘plab savollar muhokama qilindi. Piza universiteti professorlari TDSHU vakilining ma’ruzalari mazmuni, ilmiy yondashuvi va mavzularning dolzarbligini yuqori baholadilar.
Tashrifning eng muhim natijasi ma’ruzalar bilan cheklanib qolmasdan, TDSHU uchun aniq manfaatli xalqaro kelishuvlarga erishilganidir.
Xususan, Piza universiteti vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda quyidagi muhim masalalar kelishib olindi:
2027-yilda TDSHUning kamida ikki nafar professor-o‘qituvchisini Piza universitetiga ma’ruza o‘qish uchun taklif etish. Bu kelishuv universitetimiz professor-o‘qituvchilarining Yevropa akademik muhitidagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.
2027-yilgi Erasmus+ loyiha tanlovlarida TDSHU bilan hamkorlikni davom ettirish. Piza universiteti tomonidan TDSHUning Markaziy Osiyodagi eng nufuzli akademik hamkorlardan biri sifatida ishtirok etishi yuzasidan kelishuvga erishildi.
Ikki universitet o‘rtasidagi akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish. Professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tashabbuslar va xalqaro ta’lim loyihalarida o‘zaro ishtirokni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur kelishuvlar TDSHUning xalqaro akademik maydondagi mavqeyini mustahkamlash, professor-o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda Yevropaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Piza universitetidagi akademik mobillik TDSHUning xalqaro hamkorlik faoliyatida navbatdagi amaliy natija bo‘ldi. Tashrif davomida Markaziy Osiyoning boy ilmiy va madaniy merosi xalqaro auditoriyaga keng tanishtirildi, ayni paytda universitetimiz manfaatlariga xizmat qiladigan yangi akademik imkoniyatlarga yo‘l ochildi.
Eng muhimi, mazkur tashrif bir martalik akademik almashinuv emas, balki 2027-yilda yangi Erasmus+ loyihalari, professor-o‘qituvchilar mobilligi va uzoq muddatli ilmiy hamkorlikni davom ettirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.



