“Sharq allomalari yozma merosi”ga bag‘ishlangan respublika anjumani
2026-yil 25-aprel kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Sharq falsafasi va germenevtika” kafedrasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi hamkorligida “Sharq mutafakkirlari yozma merosining ilmiy, falsafiy, maʼnaviy tafakkurdagi oʻrni” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman Sharq allomalari yozma merosini tadqiq etish, Sharq va Gʻarb sivilizatsiyalararo muloqot kontekstida axloqiy qadriyatlar va ularning yoshlarni yuksak ma’naviyatli shaxs etib tarbiyalashdagi oʻrni kabi masalalarni muhokama qilishga bag‘ishlandi. Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Roiq Bahodirov , Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Taʼlim, fan Jamoatchilik kengashi raisi, Toshkent davlat iqtisodiyoti universiteti, “Falsafa” kafedrasi professori, falsafa fanlari doktori Ismoil Saifnazarov, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro markazi direktor bosh maslahatchisi, falsafa fanlar doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev, Oʻzbekiston Respublikasi FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, falsafa fanlar doktori, professor Baxtiyor Karimov, shuningdek, yetakchi mutaxassislar, faylasuflar, professor o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdilar.
Anjuman davomida ishtirokchilar Sharq allomalari yozma merosini o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqot faoliyatini rivojlantirish hamda falsafiy talqin qilish bo‘yicha malaka va ko‘nikmalarni takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Anjuman yakunida Sharq mutafakkirlari yozma merosining ilmiy, falsafiy, maʼnaviy yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning qamrovini kengaytirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.


















