TDSHU delegatsiyasining Xitoyga tashrifi doirasida

2025-yil 6-7-may kunlar TDSHU vakillari Gansu siyosatshunoslik va huquq universiteti talabalariga ma’ruzalar o‘qishdi. Mazkur ma’ruzalar “Dunxuan madaniyati dunyoga” mavzusida ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida amalga oshirilayotgan xalqaro ilmiy tadqiqot loyihasi doirasida tashkil etildi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori s.f.d., prof. N.Abdullayev “Siyosatshunoslik” instituti talabalariga “O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari tarixi” mavzusida ma’ruza qilib, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarining qadimgi tarixi hamda hozirgi kundagi hamkorlik aloqalari borasida atroflicha ma’lumot berdi. Shu bilan birga, ikki davlat rahbarlarining bugungi kunda ta’lim sohasiga bo‘lgan katta e’tibori natijasi mamlakatlarimiz o‘rtasida ushbu sohada keng hamkorlik rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi.
“Xitoyshunoslik” Oliy maktabi boshlig‘i PhD., dots. F.Xasanova “Adabiyotshunoslik va jurnalistika” instituti talabalariga “O‘zbekistonda xitoyshunos kadrlarni tayyorlash” mavzusida nutq so‘zlab, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Xitoyshunoslik oliy maktabi haqida to‘xtaldi. Shuningdek, bugungi kun O‘zbekistonda sharqshunos-xitoyshunos kadrlarni tayyorlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar borasida batafsil ma’lumot berdi.
TDSHU prorektori professor N.Abdullayev va “Xitoyshunoslik” Oliy maktabi boshlig‘i dotsent F.Xasanovaning ma’ruzalari xitoylik talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ma’ruzalar qizg‘in savol-javoblar bilan yakunlandi.