Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHU doktoranti Vengriyaning nufuzli ELTE universitetida ilmiy faoliyatini boshladi

09.10.2026, 12:43 Yangiliklar 56

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Sharq mamlakatlari tarixi va antropologiya” kafedrasi 2-bosqich tayanch doktoranti Rustam Mamajonov Erasmus+ akademik mobillik dasturi doirasida Vengriyaning Eötvös Loránd universiteti (ELTE) Yaponshunoslik kafedrasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini boshladi.

2026-yil 6-oktabr kuni doktorant ELTE universiteti Yaponshunoslik kafedrasi mudiri, professor Balázs Szabó bilan uchrashdi. Muloqot davomida dissertatsiya tadqiqotining ustuvor yo‘nalishlari, ilmiy hamkorlik istiqbollari hamda akademik mobillik doirasida amalga oshiriladigan vazifalar muhokama qilindi.

Shuningdek, universitetning ilmiy va elektron kutubxona fondlari, Yaponiyaning XIX–XX asrlar tarixiga oid noyob ilmiy manbalar, monografiyalar va zamonaviy tadqiqotlardan foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Akademik mobillik doirasida Rustam Mamajonov vengriyalik talabalar uchun O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, milliy qadriyatlari, zamonaviy taraqqiyoti hamda TDSHUning ilmiy-ta’limiy salohiyatiga bag‘ishlangan ma’ruza ham o‘qidi.

Mazkur tashrif yosh tadqiqotchilarning xalqaro ilmiy muhitga integratsiyalashuvi, O‘zbekistonning boy madaniy merosini xorijda targ‘ib etish hamda TDSHU va Yevropa universitetlari o‘rtasidagi akademik hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.