TDSHU qoshidagi Konfutsiy institutida Xitoyning 27 ta nufuzli universiteti vakillari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti qoshidagi Konfutsiy institutida Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiquvchi nufuzli xalqaro tadbir tashkil etildi. Xitoy Xalq Republikasi Ta’lim vazirligi qoshidagi Til ta’limi va hamkorlik markazi (CLEC) hamda Xitoy xalqaro imtihon markazi (CTI) tashabbusi bilan oʻtkazilgan «3-chi HSK Study in China Fair» koʻrgazmasi oʻzbekistonlik xitoy tili ixlosmandlari va HSK nomzodlari uchun beqiyos imkoniyat eshigini ochdi.
Ushbu nufuzli tadbir doirasida Konfutsiy institutiga Xitoyning eng peshqadam va yetakchi 27 ta oliy ta’lim muassasalari, jumladan, Renmin University of China, Tianjin University, Fudan University, Shanghai Jiao Tong University, Zhejiang University, Wuhan University kabi dunyoga mashhur universitetlar vakillaridan iborat yirik delegatsiya tashrif buyurdi.
Tadbirning ochilish qismida delegatsiya a’zolari qutlanib, bugungi kunda «Bir makon, bir yoʻl» tashabbusi doirasida oʻzbek yoshlarining xitoy tili va madaniyatiga boʻlgan qiziqishi yil sayin ortib borayotgani, bu jarayonda TDShU Konfutsiy institutining oʻrni va roli beqiyos ekanligi alohida e’tirof etildi.
Konfutsiy institutida boʻlib oʻtgan ikki tomonlama muloqotlar davomida faqatgina til oʻrgatish bilan cheklanib qolmay, quyidagi strategik yoʻnalishlarda hamkorlikning yangi mezonlarini (benchmark) yaratish boʻyicha kelishuvlarga erishildi:
· Akademik almashinuv: Professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvini yangi bosqichga olib chiqish;
· Qoʻshma tadqiqotlar: Ilmiy-tadqiqot loyihalarini birgalikda amalga oshirish;
· Qoʻshma diplom (Double Degree): Zamonaviy metodologiyalar asosida qoʻshma ta’lim dasturlarini yoʻlga qoʻyish;
· Raqamli ta’lim: Raqamli va zamonaviy til oʻqitish texnologiyalarini joriy etish.
Mazkur tarixiy tashrif va oʻtkazilgan koʻrgazma nafaqat universitetlar oʻrtasidagi akademik aloqalarni, balki Xitoy va Oʻzbekiston xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.




