Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHU va Boysun hamkorligi: yosh gidlarni tayyorlashga qaratilgan onlayn kurs boshlandi

19.09.2026, 09:25 Yangiliklar 42

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi 3-son texnikum o‘rtasidagi hamkorlik doirasida turizm yo‘nalishida tahsil olayotgan o‘quvchilar uchun “Yosh gidlar uchun ekskursiya faoliyatini tashkil etish asoslari” nomli o‘quv kursining onlayn mashg‘ulotlari boshlandi.

Mazkur o‘quv kursi TDSHU Turizm kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan onlayn formatda tashkil etilib, uning asosiy maqsadi texnikum o‘quvchilarining gidlik va ekskursiya faoliyati bo‘yicha nazariy bilimlarini mustahkamlash, ularda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish hamda hududning turistik salohiyatini professional tarzda targ‘ib qila oladigan yosh gidlarni tayyorlashdan iborat.

Kurs mashg‘ulotlari davomida o‘quvchilarga gidlik faoliyatining mazmuni va vazifalari, ekskursiya xizmatlarini tashkil etish tamoyillari, ekskursiya marshrutlarini ishlab chiqish, turistik obyektlar haqida ma’lumotlarni to‘plash va taqdim etish, ekskursiya matnini tayyorlash, turistlar bilan samarali muloqot o‘rnatish, gidning nutq madaniyati va professional etikasi kabi yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalar berish ko‘zda tutilgan.

Onlayn mashg‘ulotlarda Boysun tumanining boy tarixiy-madaniy merosi, o‘ziga xos etnografik an’analari, tabiiy turistik resurslari va diqqatga sazovor maskanlaridan ekskursiya faoliyatida samarali foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratiladi. O‘quvchilar hududdagi turistik obyektlar asosida ekskursiya dasturlari va marshrutlarini shakllantirish, turli toifadagi turistlar uchun qiziqarli ekskursiya hikoyalarini tayyorlash bo‘yicha amaliy topshiriqlarni bajaradilar.

Mazkur onlayn o‘quv kursining tashkil etilishi TDSHU va Boysun tumanidagi 3-son texnikum o‘rtasidagi ta’limiy hamkorlikni mustahkamlash, “universitet – texnikum” integratsiyasini rivojlantirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan samarali foydalanish hamda turizm sohasi uchun nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega yosh kadrlarni tayyorlashga ko‘maklashish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.

TDSHU Turizm kafedrasi tomonidan Boysun tumanining turizm salohiyatini yanada rivojlantirish, yoshlarning turizm va gidlik faoliyatiga qiziqishini oshirish hamda mahalliy turistik resurslarni keng targ‘ib qilishga qaratilgan ta’limiy va amaliy loyihalarni izchil davom ettirish rejalashtirilgan.