Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHU va Northwest universiteti o‘rtasida ilmiy-akademik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

30.07.2026, 18:32 Yangiliklar 49

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli Northwest universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida ikki universitet o‘rtasidagi ilmiy, akademik va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida Markaziy Osiyo tarixi, antropologiya, etnologiya, madaniy meros, Ipak yo‘li tadqiqotlari, tarixiy manbashunoslik kabi yo‘nalishlarda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda TDSHU vakillari tomonidan professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish, birgalikda xalqaro va ilmiy konferensiyalar tashkil etish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Shu munosabat bilan TDSHU tomonidan joriy yil noyabr oyida Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan an’anaviy Xitoyshunoslik konferensiyasiga Northwest universiteti vakillari taklif etildi.

O‘z navbatida, Northwest universiteti vakillari ham TDSHUning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchilaridan 20 nafarga yaqin olim va mutaxassisni universitetda o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy konferensiyada ishtirok etish uchun taklif etdilar. Mazkur tashabbus ikki tomon tadqiqotchilari o‘rtasida bevosita ilmiy muloqot va tajriba almashinuvini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida Xitoy hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan xalqaro ilmiy grant dasturlariga TDSHU va Northwest Universiteti olimlari tomonidan qo‘shma loyihalar asosida hujjat topshirish taklifi bildirildi. Tomonlar ushbu imkoniyatdan samarali foydalanish va qo‘shma ilmiy loyihalarni xalqaro moliyalashtirish dasturlariga olib chiqish istiqbollarini muhokama qildilar.

Shuningdek, Northwest universiteti vakillari Markaziy Osiyo bo‘yicha TDSHU mutaxassislarini Xitoyga taklif etish, ularning universitetda ma’ruzalar o‘qishi, seminarlar o‘tkazishi va talabalarga Markaziy Osiyo tarixi, siyosati, madaniyati hamda zamonaviy rivojlanish jarayonlari bo‘yicha darslar tashkil etishini taklif qildilar.

Uchrashuv yakunida ikki tomon o‘rtasida TDSHU va Northwest universiteti hamkorligida qo‘shma ilmiy jurnal va maxsus nashrlar tayyorlash, ilmiy ekspeditsiyalar, yozgi maktablar, konferensiyalar va seminarlar tashkil etish kabi tashabbuslarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.

Uchrashuv doirasida tomonlar o‘rtasida bevosita aloqa uchun mas’ul xodimlar va mutaxassislarning kontakt ma’lumotlari almashildi hamda kelishilgan yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida doimiy aloqada bo‘lib turishga kelishib olindi.

Mazkur tashrif TDSHU va Northwest universiteti o‘rtasidagi hamkorlikni ta’lim va akademik almashinuvdan tortib, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, xalqaro grantlar, konferensiyalar va professor-o‘qituvchilar mobilligigacha bo‘lgan keng qamrovli yo‘nalishlarda yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim qadam bo‘ldi.