Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHU VA PIZA UNIVERSITETI O‘RTASIDA HAMKORLIK ALOQALARI YANADA KENGAYTIRILMOQDA

29.10.2026, 13:28 Yangiliklar 67

2026-yil 28-oktabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Nodir Karimov hamda Xalqaro reytinglar departamenti boshlig‘i Nilufar Imamova Italiyaning Piza universiteti professorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Jumladan, Piza universitetining Sivilizatsiyalar va bilim shakllari kafedrasi professorlari Guidetti va Barbati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, akademik mobillik imkoniyatlarini kengaytirish hamda Erasmus+ ICM dasturi doirasida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida universitetlar o‘rtasida qo‘shma magistratura (Joint Master) va ikki diplomli (Double Degree) ta’lim dasturlarini tashkil etish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Shuningdek, 2027-yilda TDSHUning ikki nafar professor-o‘qituvchisini Erasmus+ ICM dasturi doirasida Piza universitetiga akademik mobillikka yuborish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Erasmus+ ICM dasturi doirasidagi hamkorlikni 2028-yilda ham davom ettirishga kelishib oldilar.

Mazkur uchrashuv TDSHU va Piza universiteti o‘rtasidagi akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish hamda professor-o‘qituvchilar uchun xalqaro tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.