TDSHU va Sasseks universiteti o‘rtasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
2026-yil 24-iyun kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan Sasseks universiteti vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Sasseks universiteti QS xalqaro reytingida 273-o‘rinni egallagan bo‘lib, butun dunyoda ijtimoiy fanlar yo‘nalishlarida yuqori natijalarga ega universitet sifatida e’tirof etiladi.

Muloqot davomida ikki universitet o‘rtasida akademik va ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Xususan, ingliz tili va adabiyoti, tarix, antropologiya, jurnalistika hamda xalqaro munosabatlar yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv davomida Sasseks universiteti vakillari taqdimot o‘tkazib, universitetning ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyati, xalqaro hamkorlik tajribasi, fakultetlari va ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berdilar. Shuningdek, tomonlar professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro konferensiyalar va seminarlar tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.


Tomonlar o‘zaro aloqalarni mustahkamlash maqsadida bevosita ishchi kontaktlarni almashish hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
Mazkur uchrashuv Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining xalqaro hamkorlik faoliyatini kengaytirish, ta’lim va ilm-fan sohasida ilg‘or xorijiy universitetlar bilan aloqalarni mustahkamlash hamda talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yangi xalqaro imkoniyatlar yaratish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.