TDSHU va Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Xitoyning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti (SISU) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida Buyuk Ipak yo‘li sivilizatsiyasini o‘rganish, sun’iy intellektni ta’lim va ilmiy tadqiqotlarga joriy etish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy markazlar, grantlar hamda xalqaro loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Mazkur hujjat ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda O‘zbekiston–Xitoy akademik hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.


