Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHU vakillari Koreya Respublikasida o‘tkazilayotgan XIII xalqaro “XXI asr insoniy qadriyatlar forumi”da ma’ruzalar bilan ishtirok etdi

30.10.2026, 13:14 Yangiliklar 58

2026-yil 29–31-oktabr kunlari Koreya Respublikasining Kyonssan-Pukto provinsiyasidagi Andong shahrida joylashgan Andong xalqaro konferensiya markazida (ADCO) XIII “XXI asr insoniy qadriyatlar forumi” (The 21st Century Human Values Forum 2026) bo‘lib o‘tmoqda.

“O‘zgaruvchan dunyo: nimalar o‘zgarmay qoladi” (A World in Flux: What Endures) mavzusiga bag‘ishlangan mazkur xalqaro forum zamonaviy dunyoda insoniy qadriyatlarning o‘rni, madaniyatlararo muloqot, tarixiy xotira, ijtimoiy taraqqiyot va xalqaro hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilishga qaratilgan.

Forum insoniyat taraqqiyotida yuz berayotgan texnologik, ijtimoiy va madaniy o‘zgarishlar sharoitida insoniylik, ma’naviy meros va umuminsoniy qadriyatlarning ahamiyatini qayta anglash, shuningdek, zamonaviy jamiyat oldida turgan muammolarga gumanitar yondashuvlar asosida yechim izlashga xizmat qiluvchi nufuzli xalqaro ilmiy-muloqot maydoni hisoblanadi.

Uning rasmiy dasturidan sun’iy intellekt va inson omili, ekologik o‘zgarishlar va shaharlarning barqarorligi, madaniy merosni asrash, demografik jarayonlar, Sharqiy Osiyo mamlakatlarining umumiy tarixiy xotirasi hamda yoshlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarga bag‘ishlangan ilmiy sessiyalar o‘rin olgan.

Mazkur xalqaro forum doirasida 2026-yil 29-oktabr kuni “Chegaralardan tashqarida: Osiyo gumanitar fanlarining kelajagini qayta anglash” (Beyond Borders: Rethinking the Future of Asian Humanities) mavzusida maxsus ilmiy sessiya tashkil etildi.

Sessiya Koreya Respublikasi va O‘zbekiston tadqiqotchilarini bir akademik maydonda birlashtirib, ikki mamlakatning tarixiy va madaniy merosini o‘zaro qiyosiy o‘rganish, umumiy tarixiy xotirani anglash hamda gumanitar fanlar sohasida yangi ilmiy hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashga qaratildi.

Mazkur sessiyada Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti vakillari A.Shukurov, D.Sayfullayev va Sh.Salimov ma’ruzachi sifatida ishtirok etdilar.

Sessiyada Koreya Respublikasi tomonidan koreyalik professorlardan Kim Semin va Sung Jong Hyun ma’ruzachi sifatida qatnashdi. Kyongkuk milliy universiteti professori Tae Jiho moderatorlik qildi, TDSHU Koreyashunoslik oliy maktabi boshlig‘i Yeon Sangheum esa sessiya raisi vazifasini bajardi.

Muhokamalar davomida Koreya Respublikasi va O‘zbekistonni tarixiy, madaniy hamda sivilizatsiyaviy jihatdan bog‘lab turuvchi quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi:

Sessiya konsepsiyasida Markaziy Osiyo Sharq va G‘arb sivilizatsiyalari tarixan tutashgan, Buyuk ipak yo‘li orqali xalqlar va madaniyatlarni birlashtirgan hamda bugungi kunda ham xalqaro hamkorlik uchun muhim salohiyatga ega mintaqa sifatida e’tirof etilgan.

Shu nuqtayi nazardan, tarixiy aloqalarni zamonaviy ilmiy hamkorlik bilan bog‘lash, umumiy madaniy xotirani chuqur o‘rganish va akademik almashinuvni rivojlantirish masalalari sessiyaning muhim mazmunini tashkil etdi.

Ta’kidlash joizki, XIII “XXI asr insoniy qadriyatlar forumi”ning asosiy ahamiyati insoniyat uchun umumiy bo‘lgan qadriyatlarni turli mamlakatlar va ilmiy maktablar nuqtayi nazaridan o‘rganish, gumanitar fanlarning zamonaviy muammolarini muhokama qilish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilganidadir.

Ayniqsa, Koreya Respublikasi va O‘zbekiston tadqiqotchilarining alohida ilmiy sessiya doirasida birgalikda ishtirok etishi ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy-madaniy yaqinlikni akademik hamkorlikning yangi yo‘nalishlari bilan boyitish nuqtayi nazaridan muhimdir. Sessiya doirasida ilgari surilgan mavzular qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, akademik va ilmiy almashinuv, madaniy merosni qiyosiy o‘rganish hamda barqaror Koreya-O‘zbekiston gumanitar hamkorlik tarmog‘ini rivojlantirish uchun dolzarb ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.