TDSHUda Georgetown University in Qatar vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-yil 5-iyun kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Qatar davlatidagi Georgetown University in Qatar hamda uning Center for International and Regional Studies (CIRS) markazi vakili, professor Valid Ziyad bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, akademik almashinuv va xalqaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. Xususan, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalariga oid ilmiy izlanishlar, qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi hamda xalqaro konferensiyalarni birgalikda tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Georgetown University in Qatar va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida taqdim etilgan hamkorlik taklifi (Proposal of Collaboration Form) yuzasidan dastlabki muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy va akademik aloqalarni mustahkamlash hamda kelgusida aniq qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldilar.


