TDSHUda “KAIZEN & YORI-I” amaliy biznes kursi boshlandi
2026-yil 13–16-oktabr kunlari Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Yaponiyaning Yamagata universiteti hamkorligida yaponiyalik mutaxassislar ishtirokida tashkil etilgan “KAIZEN & YORI-I” amaliy biznes kursi o‘z ishini boshladi.

Kurs doirasidagi mashg‘ulotlar yaponiyalik mutaxassislar tomonidan olib borilmoqda. Darslar ishtirokchilarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, zamonaviy biznes yondashuvlari bilan tanishtirish hamda tadbirkorlik faoliyatida samarali boshqaruv usullarini qo‘llashga yo‘naltirilgan.

Mashg‘ulotlar davomida startaplar uchun biznes modellarini ishlab chiqish, biznes jarayonlarini tizimlashtirish, Kaizen tamoyillari asosida ish samaradorligini oshirish, amaliy keyslar orqali boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishlar qamrab olinmoqda. Shuningdek, jamoaviy ishlash, muammolarga innovatsion yechimlar topish va yangi biznes g‘oyalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Mazkur amaliy kurs ishtirokchilarga Yaponiya tajribasi asosida zamonaviy biznes yuritish tamoyillarini o‘rganish, nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash hamda tadbirkorlik va boshqaruv sohasidagi kompetensiyalarini rivojlantirish imkonini bermoqda.


Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Yamagata universiteti o‘rtasidagi mazkur hamkorlik ta’lim va amaliyot integratsiyasini rivojlantirish, xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish hamda zamonaviy biznes ko‘nikmalariga ega mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.