Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUda Lyaoning pedagogika universiteti vakillari ishtirokida uchrashuv o’tkazildi

11.08.2026, 17:38 Yangiliklar 44

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Xitoy Xalq Respublikasining Lyaoning pedagogika universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tashrif davomida ikki universitet o‘rtasidagi akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim jarayonini xalqaro tajriba bilan boyitish hamda talabalar va yosh tadqiqotchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan muhim masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuvda hamkorlikning 5 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha fikr almashildi.

  1. Magistratura bosqichida qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish

Tomonlar magistratura bosqichida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida e’tibor qaratdilar. Shu doirada TDSHU va Lyaoning pedagogika universitetining turdosh magistratura mutaxassisliklari o‘rganilib, istiqbolli yo‘nalishlar belgilandi.

Xususan, “Xalqaro munosabatlar va zamonaviy siyosiy jarayonlar” mutaxassisligi Lyaoning pedagogika universitetining “Xalqaro siyosat” yo‘nalishi, “Mintaqaviy iqtisodiyot” mutaxassisligi “Mintaqaviy iqtisodiyot” yo‘nalishi, “Psixologiya” mutaxassisligi esa “Amaliy psixologiya” yo‘nalishi bilan mazmunan turdosh ekani qayd etildi.

Mazkur yo‘nalishlar asosida qo‘shma magistratura dasturlarini ishlab chiqish, o‘quv rejalari va dasturlarini muvofiqlashtirish hamda talabalar uchun ikki tomonlama akademik imkoniyatlar yaratish istiqbollari muhokama qilindi.

  1. Ikki tomonlama talabalar amaliyoti dasturini yo‘lga qo‘yish

Uchrashuv davomida TDSHU va Lyaoning pedagogika universiteti talabalari uchun bir semestr davomida ikki tomonlama talabalar amaliyoti dasturini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur dastur doirasida har ikki universitet o‘z talabalarini bir semestr muddatga hamkor universitetga amaliyot o‘tash uchun yuborishi ko‘zda tutilmoqda.

Xususan, TDSHUning Xitoyshunoslik yo‘nalishida tahsil olayotgan bakalavriat talabalari Lyaoning pedagogika universitetida bir semestr davomida amaliyot o‘tashi, xitoy tili bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashi, mutaxassislik fanlari bo‘yicha bilimlarini chuqurlashtirishi hamda Xitoyning ta’lim va madaniy muhitini bevosita o‘rganishi imkoniyatiga ega bo‘ladi.

O‘z navbatida, Lyaoning pedagogika universiteti talabalari ham TDSHUga bir semestr davomida amaliyot o‘tash uchun yuboriladi. Ikki tomonlama talabalar amaliyoti dasturi talabalar o‘rtasida akademik va madaniy almashinuvni rivojlantirish, amaliy bilim va ko‘nikmalarni oshirish hamda ikki universitet o‘rtasidagi ta’limiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

  1. Talabalar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish

Tomonlar TDSHU va Lyaoning pedagogika universiteti o‘rtasida talabalar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalasini ham muhokama qildilar. Ushbu dasturlar doirasida talabalarni bir semestr yoki qisqa muddatli akademik dasturlarda ishtirok etish uchun o‘zaro yuborish, ularning xalqaro akademik tajribasini kengaytirish va ikki universitetning ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratish takliflari bildirildi.

Talabalar almashinuvi, ayniqsa, xitoy tili va adabiyoti, xalqaro munosabatlar, siyosat va tarix kabi yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talabalar uchun muhim akademik imkoniyat sifatida qayd etildi.

  1. Qo‘shma xalqaro ilmiy konferensiyalarni tashkil etish

Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida qo‘shma ilmiy konferensiyalar, seminarlar va akademik forumlar tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Tomonlar ikki universitet professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari va yosh olimlari ishtirokida ilmiy tadbirlarni muntazam tashkil etish, dolzarb ilmiy masalalar bo‘yicha fikr almashish, qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish hamda ilmiy natijalarni xalqaro akademik maydonda keng targ‘ib qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

  1. Doktorantura bosqichida qo‘shma ilmiy rahbarlikni joriy etish

Uchrashuvda doktorantlar uchun qo‘shma ilmiy rahbarlik tizimini joriy etish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Mazkur yo‘nalishda ikki universitet professor-o‘qituvchilarining doktorantlarning ilmiy tadqiqotlariga birgalikda rahbarlik qilishi, ilmiy-metodologik tajriba almashinuvi va qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur yo‘nalishlarni kelgusida tegishli akademik bo‘linmalar bilan batafsil muhokama qilish va hamkorlikni aniq amaliy loyihalar asosida rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Tashrif TDSHU va Lyaoning pedagogika universiteti o‘rtasidagi akademik aloqalarni yanada rivojlantirish, xitoyshunoslik yo‘nalishidagi talabalar uchun Xitoyda ta’lim va stajirovka imkoniyatlarini kengaytirish hamda ikki universitet o‘rtasidagi ta’lim va ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi.