Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUda professor Alisher Doniyorovning 60 yoshli yubileyi munosabati bilan ilmiy-ma’rifiy anjuman o’tkazildi.

29.06.2026, 14:27 Yangiliklar 131

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida tarix fanlari doktori, professor Alisher Doniyorov tavalludining 60 yilligi munosabati bilan «Ustozlik va olimlik sharafi» mavzusida ilmiy-ma’rifiy anjuman bo’lib o’tdi.
Mazkur anjuman uzoq yillar davomida ilm-fan va ta’lim rivojiga munosib hissa qo’shib kelayotgan ustoz olimning sermazmun ilmiy faoliyati, fidokorona mehnati hamda ko’plab shogirdlarni tarbiyalashdagi xizmatlarini e’tirof etish maqsadida tashkil etildi.

 

Tadbirda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rahbariyati, professor-o’qituvchilar, ilmiy jamoatchilik vakillari, professor Alisher Doniyorovning ko’plab shogirdlari, shuningdek, Turkmaniston va Ozarbayjondan tashrif buyurgan mehmonlar ishtirok etdilar.

Anjumanni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva kirish so’zi bilan ochib berdi. Rektor o’z nutqida professor Alisher Doniyorovning universitetning tarixshunoslikdagi o’rni, ilmiy-pedagogik faoliyati, yosh olimlar va mutaxassislarni tayyorlash borasidagi samarali mehnatini alohida ta’kidlab, ustozni muborak yubileyi bilan samimiy tabrikladi.

Anjuman davomida so’zga chiqqan hamkasblar, shogirdlar va xorijiy mehmonlar professor Alisher Doniyorovning bosib o’tgan hayot yo’li, tarix fanini rivojlantirish yo’lidagi ilmiy izlanishlari, mamlakatimiz tarixshunosligi taraqqiyotiga qo’shgan salmoqli hissasi hamda ustoz sifatidagi yuksak fazilatlari haqida iliq fikr va xotiralari bilan o’rtoqlashdilar.

Shuningdek, olimning ilmiy merosi, chop etilgan monografiya va darsliklari, ko’plab ilmiy tadqiqotlari hamda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi xizmatlari alohida e’tirof etildi. Tadbir doirasida ustozga ezgu tilaklar bildirilib, esdalik sovg’alari topshirildi.

«Ustozlik va olimlik sharafi» ilmiy-ma’rifiy anjumani professor Alisher Doniyorovning ilm-fan va ta’lim sohasidagi samarali faoliyatiga yuksak ehtirom ifodasi bo’lib, ustoz-shogird an’analarini mustahkamlash, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish hamda tarix fanining bugungi taraqqiyoti va istiqbollarini muhokama qilish uchun muhim maydonga aylandi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar professor Alisher Doniyorovni 60 yoshli muborak yubileyi bilan yana bir bor samimiy qutlab, unga mustahkam sog’lik, uzoq umr, ilmiy va pedagogik faoliyatida yangi yutuqlar tiladilar.