“Siyosiy tahlilchi kadrlar tayyorlashning dolzarb masalalari” mavzusidagi Sharqshunos tahlilchilarning I Respublika forumi
2026-yil 25-aprel kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Sharqshunos tahlilchilar” intellektual klubi hamda O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi hamkorligida “Siyosiy tahlilchi kadrlar tayyorlashning dolzarb masalalari” mavzusida Sharqshunos tahlilchilarning I Respublika forumi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur forum siyosiy tahlil yo‘nalishida kadrlar tayyorlashning bugungi holati, mavjud muammolar va istiqbolli yo‘nalishlarni muhokama qilishga bag‘ishlandi. Tadbirda O’zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Xayrulla Sattorov, Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti Bosh ilmiy xodimi Bekzod Ochilov, shuningdek, yetakchi mutaxassislar, siyosatshunoslar, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar faol ishtirok etdi.
Forum davomida ishtirokchilar o‘zaro fikr almashib, siyosiy tahlil sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish hamda amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Tadbir yakunida kelgusida hamkorlikni kengaytirish, yosh tahlilchilarni qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.






























































