TDSHUda “Umami ilmi va ovqatlanish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy tadbir bo‘lib o‘tdi
2026-yil 15-oktabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Yaponiyaning “Ajinomoto” kompaniyasi tashabbusi va TDShU Yaponshunoslik oliy maktabi hamkorligida “Umami ilmi va ovqatlanish” (うま味科学と食文化) mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy tadbir tashkil etildi.
Tadbirni universitetning xalqaro ishlar bo‘yicha prorektori Nodir Karimov hamda Yaponiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Kenji Hirata ochib berdilar.
Tadbir dasturidan oziq-ovqat ilmi, an’anaviy ovqatlanish madaniyati va sog‘lom ovqatlanishga oid ma’ruzalar o‘rin oldi. Xususan, Kyushu universiteti Qishloq xo‘jaligi fakulteti professori Jiro Nakayama “Ichak bakteriyalari va Osiyoning an’anaviy taomlari”, Tokio universiteti ijrochi vitse-prezidenti, kimyo fanlari professori Shin’ichi Okoshi esa “Ikeda Kikunae va umami tarixi” mavzularida ma’ruza qildilar.
Shuningdek, “Ajinomoto” kompaniyasi sifatni kafolatlash bo‘limi mutaxassisi, Umami axborot markazi (UIC) ijrochi direktori Ana San Gabriel “MSG xavfsizligi va tuz iste’molini kamaytirish” mavzusida taqdimot o‘tkazdi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Nurmat Atabekov hamda Yaponiya umami ziravorlari ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi raisi Yoshiteru Masai ham tadbirda so‘zga chiqdilar.
Mazkur tadbir TDShUning Yaponiya universitetlari va tashkilotlari bilan ilmiy-akademik hamkorligini mustahkamlash, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar uchun xalqaro tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, yapon taomlari va ovqatlanish madaniyatini ilmiy jihatdan o‘rganishga xizmat qildi.















