TDSHUda Xitoyning “Haiwei+ Academic Planning” delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
28-iyul kuni, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Xitoy Xalq Respublikasining “Haiwei+ Academic Planning” akademik va ta’lim konsalting kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Xitoydan tashrif buyurgan 17 nafar talaba va 12 nafar ularning ota-onalari hamda agentlik vakillari ishtirok etdi. Muloqot davomida tomonlar Xitoy yoshlari uchun O‘zbekistonda ta’lim olish imkoniyatlari, TDSHUning ta’lim dasturlari hamda kelgusidagi akademik hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.



Mehmonlarga TDSHUning mavjud ta’lim yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, universitetda xitoy, yapon, koreys, arab, fors, hind, urdu, turk, indonez, malay va boshqa Sharq tillari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanishi, mazkur yo‘nalishlarda til bilan bir qatorda tegishli mamlakatlarning tarixi, siyosati, iqtisodiyoti, madaniyati va zamonaviy rivojlanish jarayonlari chuqur o‘rganilishi ta’kidlandi.
Uchrashuvning asosiy masalasi xitoylik yoshlarni TDSHUda ta’lim olishga jalb etish bo‘ldi. Delegatsiya vakillari tomonidan universitetning ta’lim dasturlari, qabul jarayoni, xorijiy talabalar uchun mavjud imkoniyatlar, o‘qish shartlari, ta’lim yo‘nalishlari va kelgusidagi akademik hamda kasbiy istiqbollar bo‘yicha berilgan savollarga Xalqaro hamkorlik bo‘limi vakillari tomonidan batafsil javoblar taqdim etildi.

Shuningdek, tomonlar Xitoy va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, talabalar uchun akademik almashinuv va xalqaro ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, Xitoylik talabalar va ularning ota-onalariga O‘zbekistondagi oliy ta’lim imkoniyatlari haqida ishonchli va to‘liq ma’lumot yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Tashrif davomida delegatsiya vakillari TDSHUning akademik muhiti va ta’lim imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish, universitet vakillari bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Uchrashuv yakunida tomonlar Xitoylik talabalarni TDSHUga jalb etish va ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha doimiy muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
Mazkur tashrif TDSHUning Xitoy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorligini kengaytirish, universitetning xalqaro ta’lim maydonidagi nufuzini mustahkamlash hamda Xitoylik yoshlar uchun O‘zbekistonda ta’lim olish imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
