TDSHUga Garvard universiteti o‘qituvchisini jalb etish istiqbollari muhokama qilindi
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatining xalqaro yo‘nalishlarini rivojlantirish, xorijiy nufuzli oliy ta’lim muassasalarining yuqori malakali professor-o‘qituvchilari va olimlarini universitet faoliyatiga jalb etish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Shu doirada Garvard universiteti PhD darajasiga ega doktor Yue Xie bilan TDSHUda akademik faoliyat olib borish imkoniyatlari yuzasidan onlayn uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda universitetning xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari, mavjud ta’lim dasturlari, ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda xorijiy mutaxassislarni o‘quv jarayoniga jalb etish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Muloqot davomida doktor Yue Xiening Markaziy Osiyo tarixi, san’ati va me’morchiligi bo‘yicha ilmiy izlanishlari, ushbu hududning tarixiy-madaniy merosi hamda me’moriy yodgorliklarini o‘rganishga qaratilgan tadqiqotlari alohida muhokama qilindi. Uning mazkur yo‘nalishlardagi ilmiy tajribasi TDSHUning sharqshunoslik, mintaqashunoslik, tarix, madaniyat va san’at yo‘nalishlari bilan uyg‘unligi ta’kidlandi.
Uchrashuvning muhim jihatlaridan biri doktor Yue Xiening TDSHU talabalari uchun Markaziy Osiyo tarixi bo‘yicha dars va maxsus kurslarni tashkil etish istagini bildirgani bo‘ldi. Xususan, talabalarga Markaziy Osiyoning siyosiy, ijtimoiy-madaniy va me’moriy tarixi, tarixiy-madaniy merosi hamda mintaqaning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni bo‘yicha zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida ta’lim berish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, doktor Yue Xiening universitetda pedagogik faoliyat bilan bir qatorda Markaziy Osiyo tarixi va madaniy merosi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot loyihalarida ishtirok etishi, TDSHU professor-o‘qituvchilari bilan qo‘shma ilmiy izlanishlar olib borishi, xalqaro ilmiy nashrlar uchun maqolalar tayyorlashi hamda ilmiy seminar va konferensiyalarda ishtirok etishi masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar xorijiy professor-o‘qituvchini TDSHU akademik muhitiga jalb etish nafaqat ta’lim jarayonining xalqaro mazmunini boyitishi, balki Markaziy Osiyo tarixi, madaniyati va me’morchiligi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni yangi metodologik yondashuvlar asosida rivojlantirish uchun ham muhim imkoniyat yaratishini qayd etdilar.
Uchrashuv yakunida doktor Yue Xiening TDSHUda faoliyat yuritishi mumkin bo‘lgan ta’lim va ilmiy yo‘nalishlarni aniqlashtirish, o‘qitiladigan fanlar va maxsus kurslar mazmunini tegishli akademik bo‘linmalar bilan muhokama qilish hamda kelgusidagi hamkorlikning tashkiliy masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur tashabbus TDSHUning xalqaro akademik aloqalarni kengaytirish, nufuzli xorijiy universitetlarning professor va olimlarini ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot jarayonlariga jalb etish, talabalarga xalqaro ilmiy tajribaga asoslangan ta’lim berish va universitetning ilmiy salohiyatini yanada mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarining navbatdagi amaliy namunasi bo‘ldi.

