Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida «Uzbekistan Summer School 2026» xalqaro yozgi maktabi o‘z ishini boshladi.
Mazkur dastur dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan ishtirokchilarni O‘zbekistonning boy tarixi, milliy madaniyati, urf-odatlari, an’analari hamda zamonaviy taraqqiyoti bilan yaqindan tanishtirishga qaratilgan.


Joriy yilgi yozgi maktabda AQSH, Saudiya Arabistoni, Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Hindiston, Germaniya, Turkiya va Belgiya davlatlaridan kelgan talabalar, tadqiqotchilar hamda yosh mutaxassislar ishtirok etmoqda.


Turli madaniyat vakillarini birlashtirgan ushbu xalqaro loyiha ilmiy va madaniy muloqotni rivojlantirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlash hamda O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi. Dastur doirasida ishtirokchilar uchun o‘zbek tili bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar, O‘zbekiston tarixi, madaniyati, milliy qadriyatlari, urf-odat va an’analari mavzularida professor-o‘qituvchilar tomonidan maxsus ma’ruza va seminarlar tashkil etilmoqda. Shuningdek, milliy hunarmandchilik, xalq amaliy san’ati, o‘zbek milliy taomlari, musiqa va raqs san’atiga bag‘ishlangan madaniy uchrashuv hamda mahorat darslari ishtirokchilarga mamlakatimizning bebaho madaniy merosini chuqurroq anglash imkonini beradi.



Nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirish maqsadida yozgi maktab ishtirokchilari uchun Toshkent shahrining diqqatga sazovor maskanlari, zamonaviy infratuzilma obyektlari, muzeylar va tarixiy yodgorliklarga ekskursiyalar tashkil etilgan. Bundan tashqari, ular Samarqand, Buxoro va Xiva kabi dunyo tamaddunining bebaho durdonalari sanalgan tarixiy shaharlarga sayohat qilib, Buyuk Ipak yo‘li merosi, qadimiy me’moriy obidalar hamda o‘zbek xalqining boy madaniyati bilan yaqindan tanishadilar.
«Uzbekistan Summer School 2026» nafaqat ta’lim dasturi, balki turli mamlakatlar yoshlari o‘rtasida madaniyatlararo muloqotni rivojlantiruvchi, o‘zaro tajriba almashish va yangi do‘stlik rishtalarini mustahkamlovchi xalqaro maydon hisoblanadi. Ishtirokchilar ushbu dastur orqali O‘zbekistonning mehmondo‘stligi, bag‘rikengligi va qadimiy hamda zamonaviy qadriyatlar uyg‘unligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish, mamlakatimiz haqida unutilmas taassurotlarga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Ushbu «Uzbekistan Summer School 2026» xalqaro yozgi maktabi universitetning xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, xorijiy talabalarni jalb etish va O‘zbekistonning ilmiy, madaniy hamda turizm salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga xizmat qiladigan nufuzli ta’lim platformalaridan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.