Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Xalqaro turizm kuni nishonlandi

28.09.2026, 16:24 Yangiliklar 81

28-sentabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Xalqaro turizm kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir universitetning “Turizm” kafedrasi tomonidan tashkil etildi.

Tadbirni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori G. Rixsiyeva kirish so‘zi bilan ochib berdi. O‘z nutqida rektor turizm sohasining bugungi kundagi ahamiyati, yoshlarning mazkur yo‘nalishdagi bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, xalqaro turizmni rivojlantirishda zamonaviy va malakali mutaxassislarning o‘rni haqida fikr bildirdi.

Bayram tadbirida universitetning “Turizm” ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar hamda professor-o‘qituvchilar faol ishtirok etdi.

Tadbir dasturidan turli mamlakatlarning madaniyati va an’analarini aks ettiruvchi qiziqarli chiqishlar, gastronomik taqdimotlar, maxsus fotozona, turistik kvest, interaktiv o‘yinlar hamda ishtirokchilar uchun turli topshiriqlar o‘rin oldi.

Ayniqsa, turli mamlakatlarning milliy taomlari namoyish etilgan gastronomik stollar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur taqdimotlar orqali talabalar turli xalqlarning milliy taomlari, urf-odatlari va madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

Turistik kvest va interaktiv o‘yinlar esa talabalarning jamoada ishlash, tezkor fikrlash, muloqot qilish va turizmga oid bilimlarini amaliy tarzda namoyon etishlariga xizmat qildi.

Tadbir davomida talabalar o‘zlarining ijodiy qobiliyatlarini namoyish etib, turizmning nafaqat sayohat, balki turli xalqlar va madaniyatlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi muhim soha ekanini namoyon etdilar.

Xalqaro turizm kuni munosabati bilan tashkil etilgan mazkur tadbir talabalar uchun mazmunli hordiq chiqarish, yangi bilim va taassurotlarga ega bo‘lish, shuningdek, turizm sohasiga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi.