Turizm sohasi rivojlanishida turagentlarning o‘rni: seminar-trening o‘tkazildi
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Tashqi siyosat va xalqaro iqtisodiy munosabatlar instituti Turizm kafedrasi tomonidan Asialuxe Travel akademiyasi bilan hamkorlikda turizm va mehmondo‘stlik ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun “Turizm sohasi rivojlanishida turagentlarning o‘rni” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirni Turizm kafedrasi mudiri, dotsent Ch. Xusanov ochib berib, turizm sohasida turagentlarning muhim o‘rni va zamonaviy mutaxassislar tayyorlash zarurligini ta’kidladi.
Seminarda Asialuxe Travel akademiyasi direktori F. Kurbonov, Shine Star Tour firmasi rahbari D. Alimuxamedova hamda V tour kompaniyasi asoschisi V. Xayrulina ishtirok etib, turagentlik faoliyati, mijozlar bilan ishlash va turpaketlarni shakllantirish bo‘yicha amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Seminar davomida mutaxassislar turagent nafaqat xizmat ko‘rsatuvchi, balki turist va turizm bozori o‘rtasidagi muhim bog‘lovchi bo‘g‘in ekanini alohida ta’kidladilar. Ular o‘z chiqishlarida zamonaviy turizm bozorida raqobatbardosh bo‘lish uchun chuqur bilim, yuksak muomala madaniyati, mas’uliyat, tezkor fikrlash va amaliy tajriba zarurligini misollar asosida tushuntirib berdilar. Real ish faoliyatida uchraydigan holatlar, mijozlar bilan ishlash jarayonidagi nozik jihatlar hamda xizmat sifatini oshirishga qaratilgan tavsiyalar talabalar tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi. Tadbir davomida talabalar mutaxassislar bilan ochiq muloqot qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida tashkil etilayotgan shu kabi seminar-treninglar talabalar bilimini mustahkamlash, ularni amaliy faoliyatga yo‘naltirish hamda ta’lim jarayonining sifat va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.








