Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

ANTALIYA IQLIM SAMMITINING SIYOSIY-STRATEGIK AHAMIYATI VA O‘ZBEKISTONNING GLOBAL EKOLOGIK DIPLOMATIYADAGI YANGI ODIMLARI

12.11.2026, 10:51 Yangiliklar 68

Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi bugun insoniyat oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri bo‘lish bilan birga, xalqaro munosabatlarning muhim siyosiy va iqtisodiy va demografik omiliga ham aylanmoqda. Endilikda global isish, suv resurslarining kamayishi, cho‘llanish, oziq-ovqat xavfsizligi va ekologik muvozanatning buzilishi kabi masalalar faqat atrof-muhitni muhofaza qilish doirasida emas, balki davlatlarning milliy xavfsizligi, iqtisodiy raqobatbardoshligi va uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari bilan uzviy bog‘liq holda ko‘rilmoqda. Shu jihatdan iqlim diplomatiyasi zamonaviy tashqi siyosatning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylanib, davlatlar o‘rtasida yangi hamkorlik mexanizmlarini shakllantirmoqda.

Mazkur jarayonda O‘zbekistonning xalqaro ekologik tashabbuslari va ko‘p tomonlama iqlim diplomatiyasidagi faolligi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimiz iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, Orolbo‘yi mintaqasi ekotizimini tiklash, “yashil” energetika va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish masalalarini izchil ravishda xalqaro kun tartibiga olib chiqmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 10–11-noyabr kunlari Turkiya Respublikasiga amalga oshirayotgan amaliy tashrifi ana shu siyosatning mantiqiy davomidir. Ma’lumki, davlatimiz rahbari Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan Antaliya shahrida o‘tkazilayotgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining navbatdagi sessiyasi – “COP31” tadbirlarida ishtirok etmoqda.

Mazkur tashrif O‘zbekistonning iqlim diplomatiyasi, xalqaro ekologik hamkorlik va barqaror rivojlanish borasidagi ustuvor maqsadlarini ilgari surish uchun muhim siyosiy maydon yaratmoqda. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini bevosita boshdan kechirayotgan Markaziy Osiyo manfaatlarini dunyo hamjamiyatiga yetkazish, yangi moliyaviy va texnologik hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish nuqtayi nazaridan ushbu tadbir alohida strategik ahamiyatga ega.

BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi 1992-yilda qabul qilingan bo‘lib, xalqaro iqlim siyosatining asosiy huquqiy poydevorini tashkil etadi. Mazkur konvensiya doirasida o‘tkaziladigan Tomonlar konferensiyalari global iqlim tahdidlariga qarshi kurashish, issiqxona gazlari tashlamalarini kamaytirish, ekologik moslashuv choralarini kuchaytirish va rivojlanayotgan mamlakatlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha umumiy qarorlar qabul qilishning muhim xalqaro mexanizmidir.

2026-yil 9–20-noyabr kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tayotgan COP31 konferensiyasi ham ana shu jarayonning navbatdagi muhim bosqichi hisoblanadi. Sammitning asosiy mavzusi “Barqaror, iqlim xatarlariga chidamli va adolatli kelajak sari intilish”dir. Unda Parij bitimi doirasida qabul qilingan majburiyatlarni amaliyotga tatbiq etish, “toza” energiyaga o‘tishni jadallashtirish, yashil sanoatni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, iqlimga moslashuv va ekologik loyihalarni moliyalashtirish masalalari muhokama qilinmoqda.

Antaliya konferensiyasining o‘ziga xos jihatlaridan biri uning xalqaro boshqaruv modelidir. Turkiya konferensiyaga mezbonlik qilib, COP31 raisligini amalga oshirmoqda. Avstraliya esa muzokaralar jarayoniga rahbarlik qilish vazifasini bajarmoqda. Ushbu mexanizm davlatlar o‘rtasida mas’uliyat va diplomatik vakolatlarni taqsimlash orqali iqlim bo‘yicha ko‘p tomonlama kelishuvlarga erishishni jadallashtirishga qaratilgan.

Mazkur COP31ning ustuvor vazifalaridan biri ilgari qabul qilingan xalqaro majburiyatlarni aniq, o‘lchanadigan va moliyaviy jihatdan ta’minlangan amaliy natijalarga aylantirishdir. Shu sababli konferensiyaning muhim muhokamalari toza energetika, yashil sanoatlashtirish, moslashuvchan shaharlar, ekologik xavflarga chidamli infratuzilma hamda iqlim moliyasi masalalariga qaratilgan.

O‘zbekiston uchun ushbu kun tartibi milliy taraqqiyot strategiyasi bilan bevosita bog‘liq. Chunki mamlakatimiz iqtisodiy modernizatsiya jarayonida energetika tizimini yangilash, sanoatning energiya samaradorligini oshirish, resurslarni tejash va ekologik barqarorlikni ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasiga 1993-yilda qo‘shilgan, 2018-yilda esa Parij bitimining ishtirokchisiga aylangan. Mazkur huquqiy asoslar mamlakatimizning global iqlim siyosatidagi ishtirokini mustahkamlab, milliy rivojlanish dasturlariga ekologik barqarorlik tamoyillarini izchil joriy etishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonning global iqlim diplomatiyasidagi asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri Orol dengizi fojiasi oqibatlarini yumshatish va suv resurslaridan oqilona foydalanishdir. Darhaqiqat, dengizning qurishi insoniyat tarixidagi eng yirik ekologik fojialardan biri sifatida nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Dengizning qurigan tubida Orolqum cho‘lining vujudga kelishi, tuz va chang bo‘ronlari, yerlarning sho‘rlanishi, suv tanqisligi va cho‘llanish jarayonlari hudud aholisining salomatligi, bandligi va turmush sharoitiga bevosita ta’sir qilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti 2025-yil 4-aprel kuni Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro iqlim forumida suv taqchilligi masalasiga alohida e’tibor qaratgan edi. Davlatimiz rahbari tomonidan keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, suvni tejovchi texnologiyalar sug‘oriladigan yerlarning deyarli yarmida, ya’ni qariyb 2 million gektarda joriy etilgan. Natijada 2024-yilda 8 milliard kub metr suv tejalgan.

Bu ko‘rsatkichlar suv resurslarini boshqarishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish muhim natija berayotganini ko‘rsatadi. Biroq iqlim o‘zgarishi sharoitida suv xavfsizligini ta’minlash alohida davlatning imkoniyatlari bilan cheklanmaydi. Transchegaraviy daryolar, muzliklarning qisqarishi, qurg‘oqchilik va qishloq xo‘jaligining suvga bo‘lgan ehtiyoji mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishni talab qiladi.

Shu nuqtayi nazardan, Antaliya iqlim sammiti O‘zbekiston uchun suvni tejovchi texnologiyalar, ekologik monitoring, cho‘llanishga qarshi kurashish va Orolbo‘yi hududlarini barqaror rivojlantirish masalalarida xalqaro sheriklikni kengaytirish imkonini beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Antaliya sammitidagi ishtiroki mamlakatimiz tomonidan ilgari surilayotgan ekologik diplomatiya tashabbuslarining izchil davomidir. 2023-yil dekabr oyida Dubayda o‘tkazilgan COP28, 2024-yil noyabr oyida Boku shahrida tashkil etilgan COP29 hamda 2025-yil aprel oyidagi Samarqand xalqaro iqlim forumi O‘zbekistonning xalqaro ekologik kun tartibidagi faolligini yangi bosqichga olib chiqdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Antaliyaga tashrifini bir vaqtning o‘zida bir necha strategik yo‘nalish nuqtayi nazaridan baholash mumkin.

Birinchidan, bu tashrif O‘zbekistonning global ekologik boshqaruv jarayonlaridagi siyosiy ishtirokini mustahkamlashga xizmat qiladi. COP31 kabi yirik xalqaro maydonlarda davlat rahbarlari darajasida qatnashish milliy ekologik ustuvorliklarni dunyo hamjamiyatiga yetkazish, yangi hamkorlik tashabbuslarini ilgari surish va xalqaro moliyaviy institutlar bilan bevosita muloqotni kengaytirish imkonini beradi.

Ikkinchidan, tashrif O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning ekologik va texnologik tarkibiy qismini rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratadi. Bugungi kunda Turkiya qayta tiklanuvchi energetika, sanoat modernizatsiyasi, chiqindilarni qayta ishlash, suv resurslarini boshqarish va barqaror shaharsozlik sohalaridagi xalqaro tashabbuslarini kengaytirmoqda.

Uchinchidan, tashrif O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqaviy manfaatlarini ilgari surish imkoniyatini kengaytiradi. Chunki iqlim o‘zgarishi oqibatlari, ayniqsa, suv taqchilligi, cho‘llanish, muzliklarning erishi va ekologik migratsiya bilan bog‘liq xatarlar mintaqaning barcha davlatlari uchun umumiy muammo hisoblanadi. Shu jihatdan, O‘zbekistonning mintaqaviy iqlim diplomatiyasidagi mazkur yondashuvlari ushbu muammolarni birgalikda hal etish, resurslardan oqilona foydalanish va ekologik xavfsizlikni iqtisodiy rivojlanish bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgandir.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga amaliy tashrifi va Antaliya shahridagi COP31 global iqlim sammitida ishtirok etishi  mamlakatimizning BMT doirasida ilgari surayotgan ekologik tashabbuslarini davom ettirish, Orolbo‘yi muammosiga xalqaro e’tiborni kuchaytirish, suv va energetika xavfsizligi, yashil iqtisodiyot hamda iqlimga moslashuv masalalarida yangi hamkorlik imkoniyatlarini shakllantirish uchun muhim platforma yaratishiga ishonchimiz komildir.

 

Adhamjon Mamadjonov

TDSHU dotsenti, tahlil markazi direktori