DAAD Markaziy Osiyo mintaqaviy markazi rahbariyati Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida bo‘ldi
2026-yil 7-oktyabr kuni Germaniya Akademik almashinuv xizmati (DAAD)ning Markaziy Osiyo mintaqaviy markazi direktori Dr. Gisela Zimmermann hamda DAAD Markaziy Osiyo mintaqaviy markazining O’zbekiston bo‘yicha vakili Kanybek Sydykbekov Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga tashrif buyurdi.

Uchrashuv avvalida TDSHU va DAAD o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Unda universitetning xalqaro hamkorlik yo‘nalishidagi faoliyati, mavjud imkoniyatlari va DAAD bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari haqida so‘z bordi.

Tashrif davomida tomonlar DAAD bilan yaqindan hamkorlik qilish istiqbollarini batafsil muhokama qildi. Ushbu tashrif joriy yilning iyul oyida bo‘lib o‘tgan onlayn uchrashuvda erishilgan kelishuvlarning davomi bo‘ldi.

Muloqot chog‘ida Germaniyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatish hamda DAAD orqali ilmiy loyihalar sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, sinxron tarjima, tarix va iqtisod yo‘nalishlarida qisqa muddatga Germaniya mutaxassislalrini jalb etish, qolaversa ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar va yosh tadqiqotchilar uchun DAAD grant va stipendiya dasturlari, akademik almashinuv, doktorantura va qo‘shma ilmiy tadqiqotlar yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni izchil davom ettirish, Germaniyaning sinxron tarjima, tarix va iqtisod yo‘nalishlarida yetakchi bo‘lgan oliygohlari bilan amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda aniq loyiha takliflarini birgalikda ishlab chiqishga kelib olishdi.
