Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

GKS — bilim, tajriba va xalqaro hamkorlik sari yo‘l!

06.11.2026, 15:32 Yangiliklar 81

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Koreyashunoslik oliy maktabi dotsenti, Abbasova Dilfuza Karimbek qizi 2026-yil 1–8-noyabr kunlari Koreya Respublikasi Ta’lim vazirligi huzuridagi Xalqaro ta’lim milliy instituti (NIIED) tomonidan tashkil etilgan GKS xalqaro bitiruvchilari dasturida ishtirok etdi.

Dastur doirasida ilk bor Koreya Respublikasi Ta’lim vaziri Choi Gyo-jin (최교진) janoblari bilan tashkil etilgan uchrashuvda ishtirok etib, GKS dasturining istiqbollari, xalqaro bitiruvchilar faoliyati, Koreyada olingan ta’limning kasbiy va ilmiy rivojlanishdagi o‘rni hamda erishilgan natijalar yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv davomida Koreya tadqiqotlari ilmiy-ta’lim markazida amalga oshirilayotgan ko‘zi ojiz talabalar uchun koreys tili fanidan Brayl yozuvidagi darslik yaratish loyihasi haqida ham ma’lumot berildi. Koreys va o‘zbek Brayl tizimlarining o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish hamda ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Keimyung universitetiga tashrif amalga oshirilib, universitetning xalqaro ishlar bo‘yicha prorektori Kim Song-jon (김선정) xonim bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish, koreys tilini o‘qitish, Koreya tarixi va adabiyoti bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar hamda akademik hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida, shuningdek, Keimyung universiteti qoshidagi Silk Road ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan tanishildi. Kelgusida koreyashunoslik yo‘nalishida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va ta’limiy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Mazkur uchrashuv va tashriflar O‘zbekiston–Koreya ilmiy-ta’limiy aloqalarini mustahkamlash, koreyashunoslik sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda inklyuziv ta’limni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.