Hindiston elchisi Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida: ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikning yangi istiqbollari muhokama qilindi
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga Hindiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Smita Pant xonim tashrif buyurdi. Universitet rektori, professor Saodat Nasirova bilan o‘tkazilgan rasmiy uchrashuv davomida TDSHU va Hindiston universitetlari o‘rtasidagi oliy ta’lim va ilm-fan aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muloqot chog‘ida tomonlar quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha kelishuvlarga erishish va hamkorlikni jadallashtirish yuzasidan fikr almashdilar:
– Hindistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sheriklik o‘rnatish hamda o‘zaro tajriba almashish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama etildi.
-TDSHUda hind tili va madaniyatini chuqur o‘rganayotgan iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning Hindiston universitetlarida malaka oshirishi va tahsil olishi uchun maxsus grant va stipendiya dasturlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
-Professor-o‘qituvchilar hamda tadqiqotchilar almashinuvini faollashtirish, hindshunoslik, sharq tillari, tarix va madaniyat yo‘nalishlarida qo‘shma ilmiy loyihalar, xalqaro konferensiyalar va seminarlar tashkil etish rejalashtirildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va madaniy-gumanitar rishtalarni mustahkamlashda oliy ta’lim muassasalarining o‘rni beqiyos ekanini ta’kidlab, belgilangan tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.



