O’zbek tiliga davlat tili maqomi berilganing 37 yilligi munosabati bilan TDSHU rektorining tabrigi
HURMATLI USTOZLAR, AZIZ TALABALAR, QADRLI HAMKASBLAR!
Sizlarni 21-oktabr O‘zbek tili bayrami hamda, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Ona tili — millatning ruhi, xalqning tarixiy xotirasi, ma’naviyati va o‘zligini namoyon etuvchi bebaho boylikdir. Biz dunyoni ona tilimiz orqali anglaymiz, qalbimizdagi eng ezgu tuyg‘ularni shu tilda ifoda etamiz, ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan qadriyatlarimizni kelajak avlodga yetkazamiz. Shu bois, ona tilimizni asrab-avaylash, uning nufuzini yuksaltirish va boy imkoniyatlarini keng targ‘ib etish har birimizning sharafli burchimizdir.
Bugun mamlakatimizda davlat tilining mavqeyini mustahkamlash, o‘zbek tilining ta’lim, ilm-fan, davlat boshqaruvi va zamonaviy texnologiyalar sohalaridagi imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlar ona tilimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish, uni zamon talablari asosida rivojlantirish va kelajak avlodga yanada boyitilgan holda yetkazishga xizmat qilmoqda.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasi uchun ona tilimizning qadrini ulug‘lash alohida mas’uliyat va sharafdir. Zero, biz turli xalqlarning tillari, tarixi va madaniyatini o‘rganish bilan birga, o‘zbek tilining boyligini dunyoga tanitish, milliy adabiyotimiz durdonalarini xalqaro miqyosda targ‘ib etish va sifatli tarjima maktabini rivojlantirishga ham munosib hissa qo‘shishimiz zarur.
Ayniqsa, bugungi globallashuv va raqamli taraqqiyot davrida o‘zbek tilining ilm-fan, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt va xalqaro muloqotdagi imkoniyatlarini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yo‘lda professor-o‘qituvchilarimizning ilmiy izlanishlari, talabalarimizning intilishi va yoshlarimizning ijodiy salohiyati katta kuchdir.
Aziz yoshlar!
Ona tilini sevish — uni shunchaki e’zozlash emas, balki uni chuqur o‘rganish, savodli yozish, ravon so‘zlash va uning rivojiga munosib hissa qo‘shish demakdir. Xorijiy tillarni puxta egallash bilan bir qatorda, o‘z ona tilimizda ham teran fikrlash, ilmiy izlanishlar olib borish va yangi g‘oyalar yaratishimiz lozim. Zero, o‘z tilini qadrlagan inson o‘zligini, tarixini va milliy qadriyatlarini ham qadrlaydi.
Ishonamanki, universitetimiz jamoasi bundan buyon ham o‘zbek tilining nufuzini yuksaltirish, uning boy imkoniyatlarini namoyon etish va yosh avlod qalbida ona tiliga muhabbat tuyg‘usini mustahkamlash yo‘lida samarali faoliyat olib boradi.
Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy xotirjamlik, ilmiy va ijodiy faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Ona tilimizning ravnaqi yo‘lidagi ezgu ishlaringiz bardavom bo‘lsin!
O‘zbek tili bayrami muborak bo‘lsin!
Ona tilimiz — milliy g‘ururimiz, ma’naviy boyligimiz va kelajagimiz timsolidir!
Hurmat bilan,
TDSHU rektori, professor Nasirova Saodat Abdullayevna