Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

O‘zbekiston sharqshunoslik maktabining yana bir xalqaro e’tirofi

13.12.2020, 20:36 Yangiliklar 2726

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va O‘monning Sulton Qobus universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolandi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekistonning O‘mon cultonligidagi elchixonasi ko‘magida amalga oshirildi. TDShUning O‘mondagi ilk hamkori – Sulton Qobus universiteti O‘mon sultonligining yetakchi oliy ta’lim maskani bo‘lib, QS jahon reytingi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 400 universiteti ro‘yxatidan joy olgan.

Mazkur shartnomaga muvofiq, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, magistrlik va doktorlik dissertasiyalariga qo‘shma rahbarlik, birgalikda dastur, kurs, o‘quv dasturlarini loyihalash, ilmiy va madaniy tadbirlar o‘tkazish kabi qator vazifalar belgilandi. Xususan, 2021-yildan birinchi qo‘shma dastur sifatida TDSHU arabshunos iqtisodchi talabalari uchun O‘mon iqtisodiyotiga bag‘ishlangan turkum onlayn darslar joriy etish masalasi o‘rganilmoqda.

“Garchi ko‘p yillardan buyon TDShU arabshunoslik bo‘yicha mamlakatimizdagi yetakchi markaz hisoblansa-da, hozirgi kunga qadar faqat Misr oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalar o‘rnatilgan edi.

– Universitetimizda arabshunoslikni rivojlantirish yo‘liida yana bir salmoqli qadam qo‘yildi – dedi TDSHU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Elyor Mahmudov. – Qolaversa, tez orada O‘zbekistonning Saudiya Arabistoni va Quvaytdagi elchixonalari ko‘magida ushbu davlatlarning yetakchi oliy o‘quv yurtlari – Saud Qiroli va Quvayt universitetlari bilan ham Anglashuv memorandumlari izmolanishi arafasida. Arab davlatlari ta’lim maskanlari bilan hamkorligimiz geografiyasi kengayishi esa arabshunos kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Ma’lumot o‘rnida keltirish joiz, yaqinda TDShU Arab filologiyasi kafedrasi mudiri, Saud Qiroli universitetida 16 yil professor lavozimida ishlagan Shorustam Shomusarov Butunjahon arab tili ittifoqi Markaziy Kengashi a’zoligiga Markaziy Osiyo mintaqasidan saylandi. O‘zbek olimi jahon arabshunoslarining nufuzli kengashi tarkibiga kiritilishi Toshkent sharqshunoslik maktabining dunyoviy e’tirofidir.

G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA

https://www.uza.uz/uz/posts/ozbekiston-sharqshunoslik-maktabining-yana-bir-xalqaro-etirofi_194191