Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

O‘zbekiston va YuNESKO: madaniy aloqalarning shakllanish tarixi va rivojlanish istiqbollari

24.06.2022, 16:30 Ilmiy faoliyat yangiliklari 4840

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish ilmiy-tadqiqot markazida “O‘zbekiston va YuNESKO: Madaniy aloqalarning shakllanish tarixi va rivojlanish istiqbollari” nomli ilmiy to‘plam nashrdan chiqdi.
BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha ixtisoslashgan tashkiloti YuNESKO dunyoda tinchlikni o‘rnatish, qashshoqlikni yo‘q qilish, barqaror rivojlanishni ta’minlash, ta’lim orqali madaniyatlararo muloqot tuzish, fan sohalarini rivojlantirish, xalqaro madaniy va ma’lumot almashinuviga yordamlashish kabi sohalarda faoliyat yuritadi.

Bu yil mamlakatimiz xalqaro maydonda yuksak obro‘ va nufuzga ega bo‘lgan mazkur tashkilotga a’zo bo‘lganiga 29 yil to‘ladi. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston bilan YuNESKO o‘rtasidagi aloqalar, ayniqsa, madaniyat sohasida jadal rivojlandi. Xususan, yurtimizning boy madaniy merosini asrab-avaylashda ushbu tashkilot bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilgan.

YuNESKO ko‘magida mamlakatimizda “Sharq taronalari”, baxshichilik san’ati, hunarmandchilik festivallari, Maqom san’ati anjumani kabi qator yirik xalqaro tadbirlar tashkil etilayotganligi ham munosabatlarni yanada rivojlantirishning asosi bo‘lib xizmat qiladi.

Mazkur ilmiy maqolalar to‘plami Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi “Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish ilmiy tadqiqot markazi” tomonidan ilmiy-amaliy konferentsiya materiallari asosida tuzilgan. To‘plam O‘zbekiston va YuNESKO munosabatlari va madaniy diplomatiyasi, tashkiliy-huquqiy jihatlari haqidagi, shuningdek, madaniy meros obьektlarini YuNESKO ro‘yxatiga kiritish, saqlash, ularni olib chiqib ketilishi va olib kirilishi masalalari, xalqaro hamjamiyat va keyingi avlodga yetkazish, gender tengligini ta’minlashda YuNESKOning roli kabi ilmiy maqolalardan tashkil topgan.

Nodir Karimov,
Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish ilmiy-tadqiqot markazi direktori.
O‘zA