Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Sharq falsafasi va germenevtika kafedrasi

Sulaymonov Jasur Baxtiyorovich
Ilmiy darajasi va unvoni: Falsafa fanlari doktori (PhD), katta o‘qituvchi
Lavozimi: Kafedra mudiri
Qabul vaqtlari: Har kuni (14:00-16:00)
Tel.: +99871 233-34-24
E-mail: info@tsuos.uz

1. Kafedra tarixi va rivojlanishi

“Sharq falsafasi va germenevtika” kafedrasi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bilan tengdosh boʻlib, uning tashkil topishi tarixi universitet tarixi bilan uzviy bogʼliqdir. Kafedra dastlab “Falsafa” kafedrasi nomi bilan faoliyat yuritgan, 2015-yil 20-sentyabrdan “Sharq falsafasi va madaniyati”, 2024-yil 30-avgustdan esa “Sharq falsafasi va germenevtika” deb nomlana boshlagan. Kafedra 1991-yilda tashkil topganidan buyon bu yerda respublikamizga taniqli faylasuf-olimlar va professor-oʻqituvchilar — T.A.Joʻrayev, M.A.Axmedova, B.A.Abduhalimov, X.A.Aliqulov, U.Y.Idirov, R.M.Imomalieva, B.T.Toʻychiyev, M.N.Abdullayeva, E.S.Xoshimova, E.J.Boboyeva, R.R.Karimov — samarali ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishgan.

Kafedrada kadrlar tayyorlash yoʻnalishlari yillar davomida izchil rivojlanib bordi: 2001-yildan “Falsafa (Sharq falsafasi va madaniyati)” bakalavriat taʻlim yoʻnalishi, 2005-yildan “Zamonaviy Sharq falsafasi va tarixi” (keyinchalik — “Falsafa tarixi”) mutaxassisligi, 2015-yildan “Sharq falsafasi va madaniyati” magistratura mutaxassisligi, 2023-yildan esa “Falsafa” bakalavriat yoʻnalishi hamda “Sharq falsafasi va madaniyati”, “Tasavvuf germenevtikasi” magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Natijada kafedrada sharq tillari, falsafasi va madaniyatini chuqur biladigan noyob mutaxassislar yetishtirilmoqda. Bitiruvchilarimiz respublikamizning turli ilm va maʻnaviyat oʻchoqlarida faoliyat yuritib kelmoqda.

Kafedrada olib borilayotgan taʻlim-tarbiya jarayonida talaba va magistrantlarda maʻnaviy-maʻrifiy ishlarni rejalashtirish va tashkil etish koʻnikmalarini shakllantirish, ularning ongiga milliy istiqlol gʼoyasini singdirishda Sharq falsafasi tarixidagi ilgʼor gʼoyalardan foydalanish, zamonaviy maʻnaviy-mafkuraviy tahdidlar mohiyatini anglash va ularga qarshi kurashish, mafkuraviy hamda axborot xurujlariga qarshi immunitet hosil qilish, shuningdek, globallashuv sharoitida Markaziy Osiyolik mutafakkirlarning maʻnaviy merosidagi axloqiy qadriyatlarga tayanib, Sharq falsafasi va madaniyati, xorijiy Sharq mamlakatlari bilan madaniy aloqalarni oʻrganish sohasidagi kasbiy kompetensiyalarni rivojlantirishga alohida eʻtibor qaratiladi.

Ayni paytda kafedrada 2 nafar fan doktori-professor, 1 nafar fan nomzodi-professor, 1 nafar fan nomzodi-dotsent, 6 nafar PhD-dotsent, 2 nafar PhD-katta oʻqituvchi, 1 nafar katta oʻqituvchi, 1 nafar PhD-oʻqituvchi, 1 nafar PhD-stajor-oʻqituvchi va 4 nafar stajor-oʻqituvchi ilmiy-pedagogik faoliyat olib bormoqda. Eʻtiborga molik jihati shundaki, yosh oʻqituvchilarning aksariyati aynan shu universitet va kafedraning oʻz bitiruvchilaridir.

Kafedraga turli yillarda quyidagi olimlar rahbarlik qilgan: 1991–1993-yillarda — falsafa fanlari doktori, professor T.A.Joʻrayev; 1994–2004-yillarda — falsafa fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi M.A.Axmedova; 2004–2023-yillarda — falsafa fanlari nomzodi, professor, Oliy taʻlim aʻlochisi D.A.Poʻlatova; 2023-yil avgust oyidan hozirgi kungacha esa — falsafa fanlari doktori (PhD), dotsent J.B.Sulaymonov kafedrani boshqarib kelmoqda.

Kafedra professor-o’qituvchilar tarkibi

2. Bitiruvchilarimiz — faxrimiz!

Sharq falsafasi va madaniyati bakalavriat taʻlim yoʻnalishi hamda magistratura mutaxassisligi bitiruvchilari mamlakatimizdagi oliy va oʻrta maxsus taʻlim muassasalarida, turli davlat va nodavlat tashkilotlarida samarali mehnat qilmoqda; ayrimlari esa Vatanimizda va xorijning nufuzli taʻlim muassasalarida oʻz taʻlimini davom ettirmoqda.

Xususan, kafedraning Falsafa taʻlim yoʻnalishi bitiruvchisi, Sharq falsafasi va madaniyati mutaxassisligining iqtidorli magistranti boʻlgan Aziza Shonazarova xorijda taʻlimini davom ettirib, 2019-yilda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va AQSH Kolumbiya universiteti professori etib saylandi. 2020-yilda u Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi. Bugungi kunda Aziza Shonazarova TDSHU Sharq falsafasi va madaniyati kafedrasi bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yordamchisining maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Falsafa taʻlim yoʻnalishi bitiruvchisi Dolimov Qahramon Qahhorovich Oʻzbekiston Respublikasining Nyu-York shahridagi bosh konsuli lavozimida ishlagan. Yana bir bitiruvchimiz Ahmedov Jasur Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi yordamchisi sifatida xizmat koʻrsatmoqda. Rasulov Sherzod Oʻzbekiston Respublikasining Eron Islom Respublikasidagi elchixonasida faoliyat yuritmoqda. Sharq falsafasi va madaniyati magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi Niyazbekov Jamshid Muxsin oʻgʻli esa Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri huzurida maʻnaviyat va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchi lavozimida faoliyat yuritmoqda.

3. Oʻquv-uslubiy faoliyat

Yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda kafedra professor-oʻqituvchilarining pedagogik faoliyati ilmiy-nazariy va ilmiy-uslubiy tadqiqotlar bilan uzviy bogʻlab olib borilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur faoliyatning samarasi sifatida 1998-yilda professor M.A.Axmedova va dotsent V.S.Xanning umumiy tahriri ostida «Osnovi filosofii» oʻquv qoʻllanmasi nashr etildi. 2004-yilda uning toʻldirilgan ikkinchi nashri, 2006-yilda esa professor M.A.Axmedovaning umumiy tahriri ostida oʻzbek tilida lotin imlosida “Falsafa” darsligi chop etildi. Ushbu nashrlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʻlim vazirligi tomonidan respublikamizdagi barcha oliy taʻlim muassasalari talabalari uchun tavsiya etilgan boʻlib, nafaqat talaba va magistrlar, balki ilmiy izlanuvchilar hamda falsafadan dars beruvchi pedagoglar uchun ham asosiy qoʻllanma boʻlib xizmat qilmoqda. Ularning yaratilishida kafedra professor-oʻqituvchilari D.A.Poʻlatova, R.M.Imomalieva, M.Qodirov, X.Aliqulov, E.J.Boboyeva, R.R.Karimov hammuallif sifatida ishtirok etgan.

Maʻlumki, Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng ilm-fan, xususan, falsafa fani rivoji uchun katta imkoniyatlar yaratildi. Shu davrda dunyoga kelgan yangi darsliklar, oʻquv qoʻlanmalari, monografik tadqiqotlar va ensiklopedik nashrlar buning yorqin isbotidir. Kafedramiz professor-oʻqituvchilari bu jarayonda faol ijod qilishdi: D.A.Poʻlatova, M.Qodirov, R.M.Imomalieva, X.Aliqulov, G.M.Roʻzmatova Q.Nazarovning umumiy tahriri ostida chop etilgan “Falsafa. Qomusiy lugʼat” (T., 2004), “Falsafa. Ensiklopedik lugʼat” (T., 2010), “Falsafa” darsligi (T., 2005), shuningdek, “Nezavisimiy Uzbekistan” ilmiy-ommabop lugʼatiga (T., 2007) kiritilgan bir qator mavzularning mualliflari sifatida tanildi.

2020–2026-yillar davomida kafedra professor-oʻqituvchilari M.Qodirov, E.Izzetova, S.Axmedova, J.Sulaymonov, I.Ikramova, N.Saydaliyeva, L.Toʻrayev, M.Omonova, Q.Narimonov, Sh.Jurayev hammualliflikda “Sharq falsafasi va madaniyati tarixi”, “Madaniyat falsafasi va aksiologiya”, “Falsafa va fan metodologiyasi”, “Din falsafasi”, “Falsafa oʻqitish metodikasi”, “Etika va estetika”, “Jahon madaniyati tarixi”, “Oʻzbekistondagi madaniy obidalar”, “Sharq falsafasi tarixi (Yapon falsafasi)”, “Globalizatsiya va gʼoyaviy-mafkuraviy tahdidlar”, “Zamonaviy Sharq falsafasining asosiy yoʻnalishlari”, “Sharq va Gʼarb falsafasidagi antropologik muammolar” kabi zamonaviy pedagogik talablarga javob beradigan darslik va oʻquv qoʻlanmalarini nashrga tayyorladi hamda ularga nashr ruxsatnomalarini oldi.

Kafedrada quyidagi ta’lim yo‘nalishi va mutaxassislik bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishi

5120800 – Sharq falsafasi va madaniyati;

2021-2022 o‘quv yilidan: 60220500 – Falsafa (Sharq falsafasi va madaniyati)

Magistratura mutaxassisligi

70220502- Sharq falsafasi va madaniyati

70220503- Tasavvuf germenevtikasi

Kafedrada o‘qitiladigan fanlar:

1– kurs 60220500– Falsafa
Falsafaga kirish
Mantiq
Etika
Estetika
Falsafa tarixi
2– kurs barcha yo‘nalishlari bo‘yicha  
Falsafa
2– kurs 60220500 –  Falsafa (Sharq falsafasi va madaniyati)
Sharq falsafasi va madaniyati tarixi
G‘arb falsafasi tarixi
Din falsafasi
Mantiq
Madaniyat falsafasi va aksiologiya
O‘zbekistondagi madaniy obidalar
Nutq madaniyati
3–kurs 60220500– Falsafa (Sharq falsafasi va madaniyati) 
Sharq falsafasi va madaniyati tarixi
G‘arb falsafasi tarixi
Falsafa o‘qitish metodikasi
Mantiq
Axloq va nafosat falsafasi
4-kurs 60220500– Falsafa (Sharq falsafasi va madaniyati)
Sharq falsafasi va madaniyati tarixi
Markaziy Osiyo xalqlari falsafasi
Ijtimoiy falsafa
Fan falsafasi
Globallashuv jarayonlari va ma’naviy tahdidlar
G‘oyalar falsafasi
Tasavvuf falsafasi
Sharq tamaddunlari falsafiy antropologiyasi
5-kurs 5120500 – 5120500 – Sharq falsafasi va madaniyati tarixi
Sharq falsafasi va madaniyati tarixi
Markaziy Osiyo xalqlari falsafasi
Din falsafasi
Zamonaviy Sharq falsafasining asosiy yo‘nalishlari
70220502 – Sharq falsafasi va madaniyati mutaxassisligi 1–kurs 
Ilmiy tadqiqot metodologiyasi
Markaziy Osiyo xalqlarining tabiiy-ilmiy, ijtimoiy-falsafiy merosi
Yaqin O‘rta Sharq xalqlari ijtimoiy- falsafiy fikrlari (VIII-XVIII asrlar)
Yangi va eng yangi davr Sharq falsafasi
Sharq va G‘arb falsafasidagi  antropologik muammolar
Globallashuv va milliy madaniyatlar rivoji
Falsafiy matn tarjimasi va amaliyoti

Zamonaviy G‘arb falsafasining muammolari va yo‘nalishlari

Mutaxassislikning nazariy masalalari
Falsafiy qo‘lyozmalarni o’qish va talqin qilish
70220502 – Sharq falsafasi va madaniyati mutaxassisligi 2–kurs 
Maxsus fanlarini o‘qitish metodikasi
Falsafiy qo‘lyozmalarni o’qish va talqin qilish
Tasavvuf germenevtikasi

 

4. Ilmiy tadqiqot faoliyati

2003–2007-yillarda kafedra negizida davlat granti asosida “Sharq falsafasi va uning milliy istiqlol gʼoyasida aks etishi” mavzusida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi. Ushbu grant doirasida M.A.Axmedovaning “Yapon falsafasi”, Q.Sodiqovning “Qadimgi turkiy xalqlarning diniy-falsafiy qarashlari”, M.A.Axmedova va V.S.Xanning “Koreya falsafasi”, M.A.Axmedova, S.Yoʻldoshev va O.Shomatovning “Hind falsafasi” risolalari nashr etildi. Ularning asosida rus va oʻzbek tillarida ikki jildlik “Sharq falsafasi” ilmiy toʻplami dunyo yuzini koʻrdi.

2009–2011-yillarda kafedra aʻzolari OʻzR Oliy va oʻrta maxsus taʻlim vazirligining “Taʻlim tizimida falsafa fanini oʻqitishning takomillashtirilgan oʻquv-metodik taʻminotini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish” mavzusidagi loyihasi ustida tadqiqot olib bordilar. Loyiha doirasida mintaqamizda, hatto jahonda ham oʻxshashi boʻlmagan maktabgacha yoshdagi bolalar uchun lotin imlosidagi oʻzbek va rus tillarida “Donishmandlik alifbosi” va “Azbuka mudrosti” oʻquv qoʻlanmalari, shuningdek, tarbiyachi-pedagoglar va ota-onalar uchun “Donishmandlik alifbosi. Uslubiy tavsiyalar” va “Azbuka mudrosti. Metodicheskiye rekomendatsii” nashr etildi. 2011-yilda zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida “Mantiq”, “Gʼarb falsafasi”, “Sharq falsafasi”, “Yangi va eng yangi davr Sharq falsafasi”, “Filosofiya”, “Filosofiya. Strukturno-prakticheskiy kurs osnov filosofii”, “Model obrazovatelnoy texnologii po predmetu ‘Filosofiya i metodologiya nauki’”, “Etika”, “Axloqshunoslik” kabi fanlar boʻyicha oʻquv qoʻlanmalar chop etildi va 2013-yilda OʻzR OOʻMTVning 19-apreldagi 128-sonli buyrugʼiga asosan nashr guvohnomasi olindi.

Kafedra aʻzolari, shuningdek, OʻzR Oliy va oʻrta maxsus taʻlim vazirligining 2012–2016-yillarga moʻljallangan “Sharq falsafasi qadriyatlari va ularning Oʻzbekiston maʻnaviy hayotidagi oʻrni” mavzusidagi fundamental loyihasi ustida tadqiqot olib bordilar. 2009, 2010 va 2012-yillarda kafedra tashabbusi bilan shu nomdagi respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanlar oʻtkazilib, ishtirokchi olim va tadqiqotchilarning maqolalaridan iborat ilmiy toʻplamlar nashr etildi. 2019-yildan buyon esa “Sharq allomalari yozma merosining ilmiy, falsafiy, maʻnaviy tafakkuridagi oʻrni” mavzusida respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanlar anʻanaviy tarzda oʻtkazib kelinmoqda.

Soʻnggi 10 yil davomida “Sharq falsafasi va germenevtika” kafedrasi aʻzolari tomonidan umumiy hajmi 450 bosma tabogʼdan ortiq, 250 dan ziyod nomdagi ilmiy va ilmiy-uslubiy qoʻllanmalar hamda maqolalar nashr etildi.

Kafedrada 2018-yildan buyon “Falsafa tarixi” ixtisosligi boʻyicha tayanch doktorantura faoliyat yuritmoqda. Oʻtgan davr mobaynida tayanch doktoranturaning 5 nafar bitiruvchisi va 7 nafar mustaqil tadqiqotchi Sharq falsafasi tarixi doirasidagi mavzular boʻyicha falsafa fanlari doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi. Hozirgi kunda kafedrada 3 nafar tayanch doktorant va 4 nafar mustaqil tadqiqotchi oʻz ilmiy mavzulari yuzasidan tadqiqot olib bormoqda.

Falsafa fani boʻyicha ixtisoslashgan kengashga yuboriladigan nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini muhokama etish hamda himoyaga tavsiya etish ishlari ham kafedra ilmiy faoliyatining muhim qirralaridan biridir. Kafedra bir qancha nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalariga yetakchi tashkilot sifatida taqriz berish bilan bir qatorda, ularning muhokamasiga bagʼishlangan ilmiy seminarlarni ham yuqori saviyada tashkil etib kelmoqda.

5. Talabalarimiz yutuqlari — kelajakka qadam!

Kafedrada iqtidorli talabalar bilan ishlashga alohida eʻtibor qaratiladi. Bunday talabalarni aniqlash va kamolga yetkazish maqsadida kafedra qoshida “Yosh faylasuflar klubi” tashkil etilgan boʻlib, uning mashgʼulotlarida kafedraning yetakchi professor-oʻqituvchilari ishtirokida falsafaning dolzarb mavzulari yuzasidan qiziqarli bahs-munozara va debatlar oʻtkaziladi. Bu yerda talaba va magistrlar nafaqat qiziqarli ilmiy maʻruzalarni tinglaydi, balki ilmiy maqola, referat va maʻruzalar tayyorlash, oʻz nuqtai nazarini himoya qilish koʻnikmalarini ham egallaydi.

Kafedrada 1997-yildan buyon har yili “Sharq falsafasi: tarixi va hozirgi zamon” mavzusida talabalarning anʻanaviy ilmiy anjumani muntazam oʻtkazib kelinadi. Anjumanda tinglangan eng yaxshi maʻruzalar mualliflari universitet ilmiy anjumanida ishtirok etishga tavsiya etiladi, ularning maqolalari esa talaba-magistrantlarning ilmiy toʻplamlarida chop etiladi. Yoshlarni bunday faoliyatga jalb etishdan maqsad — ularda ilmiy izlanishga qiziqish uygʼotish hamda tegishli layoqat va koʻnikmalarni shakllantirishdan iboratdir.

Falsafa (Sharq falsafasi va madaniyati) taʻlim yoʻnalishi hamda Sharq falsafasi va madaniyati magistratura mutaxassisligining iqtidorli talabalari mamlakatimizdagi nomdor stipendiyalar — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi, Alisher Navoiy nomidagi, Ogahiy nomidagi hamda Suyima Gʼaniyeva nomidagi stipendiyalarning sovrindorlari boʻlishgan. Shuningdek, ular Hindistonning Dehli universiteti va Koreya Respublikasining Xanmun universitetida talabalar almashinuvi dasturlari doirasida taʻlim olib qaytishgan. Aynan shunday iqtidorli talabalar safidan yetishib chiqqan bitiruvchilarimizdan 30 dan ortigʼi PhD va DSc ilmiy darajalariga sazovor boʻlib, mamlakatimiz ilmiy salohiyati taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.

6. Xalqaro hamkorlik

“Sharq falsafasi va germenevtika” kafedrasi 2022-yildan boshlab xalqaro aloqalarini yangi bosqichga koʻtardi. 2022-yil oktabr oyida TDSHU va Istanbul universiteti oʻrtasida imzolangan memorandumga muvofiq kafedraning professor-oʻqituvchilari hamda doktorantlari Istanbul universiteti Adabiyot fakulteti Falsafa kafedrasida stajirovkadan oʻtishdi. Ushbu hamkorlik 2025-yil 21–30-dekabr kunlari ham davom etib, kafedra professor-oʻqituvchilari I.Ikramova va G.Abduvahobova Istanbul universitetida yana stajirovkada boʻlishdi.

2025-yil 10–22-oktabr kunlari kafedra dotsenti, PhD J.Sulaymonov Italiyaning Piza universitetida Erasmus+ xalqaro kredit-mobillik dasturi doirasida professor-oʻqituvchilar almashinuvida ishtirok etib, malaka oshirdi. 2025-yil sentabr-dekabr oylarida kafedra doktoranti Sheralining Shavkatov Gollandiyaning Leyden universitetida xuddi shu dastur doirasida talabalar almashinuvida qatnashdi. 2025-yil 9–13-dekabr kunlari esa kafedra professor-oʻqituvchilari Qozogʻiston Respublikasining Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universitetida 144 soatlik malaka oshirish kursining amaliy mashgʼulotlarida ishtirok etishdi.

2026-yil aprel oyida kafedra katta oʻqituvchisi, PhD Sherali Jurayev Malayziyaning nufuzli oliygohlaridan biri — INTI International University tomonidan tashkil etilgan 144 soatlik malaka oshirish dasturini muvaffaqiyatli yakunladi, 22-aprel kuni esa ushbu universitetning Pedagogika va ijtimoiy fanlar fakulteti dekani doktor Rabindra Dev Prasad huzurida qabulda boʻldi. 29-aprel kuni kafedra dotsenti, PhD Laziz Toʻrayev Turkiyaning Istanbul shahriga ilmiy safar uyushtirib, nufuzli ilmiy muassasalar vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Kafedraning xorijiy hamkorlar bilan aloqalari jadal surʻatlarda rivojlanmoqda. 2025-yil 22-dekabr kuni kafedra tashabbusi bilan Leyden universiteti professori Duglas L.Berger “Xitoy falsafasiga kirish: yangilangan tarixiy yondashuv” mavzusida onlayn maʻruza oʻqidi. Duglas L.Berger 2017-yildan buyon global va qiyosiy falsafa professori boʻlib faoliyat yuritadi, shuningdek, Gollandiyaning Leyden universiteti huzuridagi Madaniyatlararo falsafa markazi direktori hisoblanadi.

2026-yil 20-aprel kuni kafedrada Sharq falsafasi va madaniyati hamda Tasavvuf germenevtikasi mutaxassisliklari magistrantlari uchun xalqaro ilmiy maʻruza tashkil etildi. Unda Pokiston Islom Respublikasi Ravalpindi kollejining professori, Eron til va adabiyot akademiyasi aʻzosi, PhD Orif Navshohiy “‘Rashahot ayn al-hayot’ asarining Oʻzbekiston tasavvufi tarixidagi ahamiyati” mavzusida maʻruza qildi. 14-may kuni esa Turkiya vakili doktor M.Junayd Kaya kafedra talabalari uchun “Ibn Sino falsafasining fundamental xususiyatlari” mavzusida maʻruza oʻqidi.

2026-yil 10-iyun kuni Erasmus dasturi va xalqarolashtirish jarayoni doirasida kafedra tashabbusi bilan Italiyaning Piza universiteti professori doktor Mikele Pagano Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga tashrif buyurdi. Mehmonga TDSHUdagi oʻquv jarayoni, universitet tarkibi, taʻlim yoʻnalishlari, magistratura mutaxassisliklari va xalqarolashtirish jarayoni haqida keng maʻlumot berildi, shuningdek, u universitet muzeyi bilan tanishib, universitet tarixi va faxriy olimlari haqida maʻlumotga ega boʻldi.

Professor-oʻqituvchilarning ilmiy saviyasini muntazam oshirib borish maqsadida kafedrada ilmiy-nazariy va ilmiy-uslubiy seminarlar tizimli tarzda oʻtkazib kelinadi. Ularda muhokama etiladigan mavzular kafedraning “Sharq falsafasi qadriyatlari va ularning Oʻzbekiston maʻnaviy hayotidagi oʻrni” nomli umumiy tadqiqot yoʻnalishi doirasiga kiradi.

Kafedra professor-oʻqituvchilari, magistrant va talabalari Mirzo Ulugʼbek nomidagi OʻzMU “Falsafa” kafedrasi, Nizomiy nomidagi TDPU “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi, TDIU “Falsafa” kafedrasi, TDTU “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi hamda OʻzR FA huzuridagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan tuzilgan korporativ hamkorlik shartnomalari doirasida faoliyat yuritadi. Shuningdek, kafedra TDSHU qoshidagi Yunusobod xorijiy tillar akademik litseyining ijtimoiy fanlar kafedrasi bilan ham hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan.

Shunday qilib, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Sharq falsafasi va germenevtika” kafedrasining oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va maʻnaviy-maʻrifiy faoliyati maʻnan barkamol, yuqori malakali, yetuk sharqshunos-faylasuflarni tayyorlash bilan bir qatorda, kelajakda Sharq falsafasi va madaniyatini oʻrganish boʻyicha ilmiy-oʻquv markazi va maktabini yaratishga yoʻnaltirilgan.

Hamkor tashkilotlar

Hozirgi kunda kafedra quyidagi tashkilotlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda:

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti
  2. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Oʻzbekistonning eng yangi tarixi masalalari boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz
  3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi
  4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi
  5. Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti, Ijtimoiy fanlar fakulteti
  6. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Ijtimoiy fanlar kafedrasi
  7. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Falsafa kafedrasi
  8. Toshkent davlat transport universiteti, Ijtimoiy fanlar kafedrasi
  9. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti qoshidagi Yunusobod akademik litseyi
  10. Chilonzor tumanidagi 202-oʻrta taʻlim maktabi
  11. Uchtepa tumanidagi 193-oʻrta taʻlim maktabi
  12. Sergeli tumanidagi 322-oʻrta taʻlim maktabi
  13. “Rahimov School” xususiy maktabi

Xalqaro hamkorlik:

  1. Rossiya Federatsiyasi Hukumati huzuridagi Moliya universiteti, Ijtimoiy fanlar departamenti
  2. Leyden universiteti (Niderlandiya), Falsafa kafedrasi
  3. Piza universiteti (Italiya), Sivilizatsiyalar va bilish shakllari kafedrasi
  4. Istanbul universiteti (Turkiya), Falsafa kafedrasi

10.08.2026, 10:40 7981