Ta’lim va ilm-fan vaziri o’rinbosari ishtirokida “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqoti bo’lib o’tdi
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Yoshlar kuni” tadbirlari doirasida “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Ta’lim va ilm-fan vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari Ilhom Tohirovich Siradjev so‘nggi yillarda uzluksiz ta’limda amalga oshirilayotgan islohotlar bo’yicha ma’ruza qildi.
Universitet rektori, professor Saodat Nasirova talabalarning murojaatlari va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, mehnat bozoridagi yangi chaqiriqlar hamda malakali mutaxassislar tayyorlashning ustuvor vazifalari yuzasidan tahliliy ma’lumot berdi.
Turli tanlovlarda g‘olib bo‘lgan faol tyutorlar va iqtidorli talabalar tantanali ravishda taqdirlandi. Son’gra navbat talaba-yoshlarni qiziqtirgan savol-javoblarga berildi.
Uchrashuv davomida talabalar tomonidan 20 ga yaqin savol va takliflar berildi, jumladan:
Ta’lim va amaliyot: Dual ta’lim tizimini joriy etish, gibrid ta’lim usulidan foydalanish, dars jadvallari va mutaxassislik fanlari bo‘yicha takliflar, shuningdek, imtihonlarni qayta topshirish tartibi.
Karyera va hamkorlik: Iqtisodiyot yo‘nalishi talabalarining banklar, birja va nufuzli kompaniyalarda, turizm yo‘nalishi talabalarining esa soha tashkilotlarida amaliyot o‘tash imkoniyatlari.
Ilm-fan va xalqaro tajriba: Magistraturada tahsil olish, xorijiy til sertifikati talablari, talabalarning xorijda malaka oshirishi hamda nufuzli stipendiyalar tanlovlarida ishtirok etish shartlari.
Tadbirkorlik va innovatsiyalar: “Kelajakka qadam” loyihasi, talabalar tadbirkorligini rivojlantirish, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda istiqbolli tashabbuslarga moliyaviy yordam ajratish mexanizmlari.
Uchrashuv yakunida vazir o‘rinbosari, rektor va mas’ul mutaxassislar tomonidan barcha savollarga batafsil tushuntirishlar berildi. Talabalar tomonidan bildirilgan amaliy takliflar ijroga qaratilib, mas’ullarga tegishli topshiriqlar yuklatildi.











































