TDSHU delegatsiyasi Liaoning provinsiyasining “Xalqaro Lyaoning do‘stona shaharlar forumi”da ishtirok etdi
2026-yil 9-iyun kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori G. Sh. Rixsiyeva boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasining Lyaoning provinsiyasi hukumati tomonidan tashkil etilgan “Xalqaro Lyaoning do‘stona shaharlar forumi”da ishtirok etdi.
Mazkur nufuzli forum turli mamlakatlarning hududiy boshqaruv organlari, oliy ta’lim muassasalari hamda xalqaro tashkilotlar vakillarini bir maydonga jamlab, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish va barqaror rivojlanish yo‘nalishlarida tajriba almashish uchun muhim platforma vazifasini o‘tadi.
Forum doirasida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti delegatsiyasi xorijiy hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek, universitetning xalqaro faoliyati, xususan, Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar va akademik almashinuv dasturlari haqida ma’lumot berildi.
Tadbirda ishtirok etish Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlash, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.