Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHU “K-Edu, K-Culture Fair” — Koreya ta’limi va madaniyati yarmarkasida faol ishtirok etdi

20.11.2026, 14:53 Yangiliklar 97

2026-yil 20-noyabr kuni Toshkent shahridagi Adju universitetida “K-Edu, K-Culture Fair” — Koreya ta’limi va madaniyati yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir doirasida 2026-yilgi Koreya ta’lim markazi hamda O‘zbekistonda koreys tili yo‘nalishi mavjud bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi Hamkorlik kengashining IV yig‘ilishi ham tashkil etildi.

Unda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori, professor S.A. Nasirova boshchiligidagi universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.

Hamkorlik kengashining IV yig‘ilishida Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi hamda mamlakatimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etdi. Yig‘ilish doirasida ta’lim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, koreys tilini o‘qitish sifatini oshirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish, shuningdek, Koreya va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir davomida universitet rektorlari va ta’lim sohasi vakillari o‘rtasida samimiy muloqotlar tashkil etilib, istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari va yangi tashabbuslar muhokama qilindi.

Yarmarka doirasida Koreya va O‘zbekiston do‘stligining 35 yilligiga bag‘ishlangan yana bir o‘ziga xos madaniy tadbir — 35 metrlik kimbap tayyorlash marosimi ham tashkil etildi. Mazkur tashabbus ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va madaniy yaqinlik ramzi sifatida ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti uchun ajratilgan maxsus pavilyonda universitet faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari, xalqaro hamkorlik aloqalari hamda talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Pavilyonda joylashtirilgan axborot materiallari, flayer va bukletlar tashrif buyurgan mehmonlar, maktab bitiruvchilari hamda yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ayniqsa, universitetda koreys tilini o‘rganish, koreyashunoslik yo‘nalishida tahsil olish, Koreya oliy ta’lim muassasalari bilan akademik hamkorlik va xalqaro almashinuv dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlari yarmarka ishtirokchilarining e’tiborini tortdi.

Mazkur yarmarka Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining ta’lim salohiyatini keng targ‘ib qilish, koreys tili va koreyashunoslik yo‘nalishiga qiziquvchi yoshlar bilan muloqot o‘rnatish hamda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ta’lim va madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.