TDSHU rektori “Teach for Uzbekistan” tashkiloti ijrochi direktori bilan uchrashdi
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Saodat Nasirova “Teach for Uzbekistan” tashkiloti ijrochi direktori Diyora Mamadalieva bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida ta’lim sifatini oshirish, yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirish hamda universitet bitiruvchilarining bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot chog‘ida ta’lim tizimiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni ijtimoiy va kasbiy faoliyatga keng jalb etish, shuningdek, ta’lim muassasalari va nodavlat tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, universitet talabalari va bitiruvchilarining kasbiy rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar yaratish, ularning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish hamda egallagan bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda qo‘llashlariga ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi. Xususan, talaba va bitiruvchilarning universitetda o‘rganayotgan sharq tillari bo‘yicha kasbiy faoliyat olib borishi, til bilimi va malakasiga mos ish o‘rinlariga yo‘naltirilishi hamda bandligini ta’minlashga qaratilgan hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va “Teach for Uzbekistan” tashkiloti o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Mazkur memorandum doirasida ta’lim sohasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro tajriba almashish hamda talabalar va bitiruvchilar uchun yangi kasbiy imkoniyatlar yaratishga qaratilgan hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash masalalariga e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ta’lim sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirish hamda universitet talabalari va bitiruvchilarining, xususan, ular o‘rganayotgan sharq tillari bo‘yicha kasbiy rivojlanishi va bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirish yuzasidan kelishib oldilar.