Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHU va Gyeongkuk milliy universiteti o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

15.10.2026, 15:58 Yangiliklar 76

2026-yil 15-oktabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Gyeongkuk milliy universiteti (Janubiy Koreya) o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, akademik almashinuvni kengaytirish hamda ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida talabalar va professor-o‘qituvchilar mobilligini yo‘lga qo‘yish, koreys tilini o‘rganayotgan talabalar uchun jurnalistika va media kommunikatsiyalari, sinxron tarjima hamda kompyuter lingvistikasi yo‘nalishlarida bir yoki ikki semestrlik akademik almashinuv dasturlarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, TDSHU tomonidan tashkil etiladigan yozgi maktab va qishki ta’til dasturlariga Janubiy Koreyalik talabalarni jalb etish, tarjimashunoslik, tilshunoslik va xalqaro jurnalistika yo‘nalishlari professor-o‘qituvchilari uchun Gyeongkuk milliy universiteti bazasida malaka oshirish va stajirovka dasturlarini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar professor-o‘qituvchilarning o‘zaro tashriflarini yo‘lga qo‘yish, Gyeongkuk milliy universitetining yetakchi mutaxassislarini TDSHUda ma’ruzalar va mahorat darslari o‘tkazishga jalb etish, shuningdek, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va xalqaro ilmiy jurnallarda hammualliflikdagi maqolalarni chop etish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida har ikki tomon hamkorlikni izchil rivojlantirish va istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro manfaatli tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi. Mazkur muloqot universitetlar o‘rtasidagi akademik aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish hamda ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.