Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHU va Xebey xalqaro tadqiqotlar universiteti o‘rtasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

16.07.2026, 20:46 Yangiliklar 69

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Xitoy Xalq Respublikasining Xebey xalqaro tadqiqotlar universiteti vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuv joriy yil iyun oyida TDSHUda o‘tkazilgan rasmiy muzokaralarning mantiqiy davomi bo‘lib, unda ikki universitet o‘rtasida imzolanishi rejalashtirilayotgan Anglashuv memorandumi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar atroflicha muhokama qilindi.

Muloqot davomida Xebey xalqaro tadqiqotlar universiteti tomonidan TDSHU bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, TDShU huzurida “Silk Road College” ni tashkil etish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, kreditlarni o‘zaro tan olish tizimini joriy etish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvini kengaytirish, shuningdek, zamonaviy qo‘shma o‘quv dasturlarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar bakalavriatning 2+2 shaklidagi qo‘shma dasturlarini tashkil etish, bakalavriat-magistratura-doktorantura bosqichlarini qamrab olgan integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, shuningdek, xitoy va o‘zbek tili bo‘yicha sinxron tarjimonlarni tayyorlash yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

Bundan tashqari, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, xalqaro grantlar doirasida hamkorlik qilish hamda xitoy tilini mukammal biladigan mutaxassislarni ta’lim jarayoniga jalb etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma Yo‘l xaritasini ishlab chiqish, Hamkorlik bitimini yakuniy kelishish va barcha yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy ishlarni bosqichma-bosqich boshlashga kelishib oldilar.

Ushbu onlayn uchrashuv ikki universitet o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, ta’lim, ilm-fan va akademik almashinuv sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish hamda O‘zbekiston-Xitoy oliy ta’lim hamkorligini yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.