TDSHUda “ONA TILIM – SHARQONA TILIM!” nomli madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 21-oktabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi munosabati bilan “Ona tilim – sharqona tilim!” nomli madaniy-ma’rifiy tadbir bo’lib o’tdi.
Tadbir avvalida o‘zbek tilining tarixi, boyligi va jozibasini aks ettiruvchi videorolik namoyish etiladi. Shundan so‘ng, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori, professor Saodat Nasirova kirish so‘zi bilan tadbirni ochib berdi. Shuningdek, universitet professori Qudratulla Omonov ona tilimizning milliy o‘zlikni anglash, ma’naviy merosni asrab-avaylash va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Madaniy-ma’rifiy dastur davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Farog‘at Xudoyqulovaning “Mening turkiy tilim, shoxona tilim!” nomli she’ri ustoz-murabbiylar tomonidan o‘qib eshittirildi. Universitetning “Sharq navolari” xor jamoasi tomonidan ijro etilgan “Ona tilim” musiqiy chiqishi esa, ona tiliga bo‘lgan muhabbat va ehtiromni tarannum etdi.
Tadbirning interaktiv qismida universitet Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tomonidan “Kahoot” intellektual o‘yini tashkil etildi. Ushbu o‘yin orqali talabalar o‘zbek tili, uning tarixi va adabiy merosiga oid bilimlarini sinovdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. G’oliblar munosib taqdirlandi.
Badiiy chiqishlar doirasida universitetning “Mangu bitik” to‘garagi a’zolari tomonidan o‘zbek adabiyotining yorqin namoyandasi Abdulhamid Cho‘lponning “Go‘zal” she’ri ifodali o‘qildi. “Sharq yulduzi” teatr studiyasi a’zolari esa, “Jarima maydonchasi” nomli sahna ko‘rinishini namoyish etib, tomoshabinlarga badiiy-ma’rifiy taassurot ulashadi.
Tadbirning xalqaro ahamiyatini namoyon etuvchi chiqishlardan biri Tokio universiteti talabasi Nozomi Matsushita ijrosidagi “O‘zbegim” qo‘shig‘i bo‘ldi.
Mazkur tadbir o‘zbek tilining boy imkoniyatlarini namoyon etish, uning milliy madaniyatimiz va ma’naviyatimizdagi beqiyos o‘rnini keng targ‘ib qilish, talaba-yoshlarni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamda o‘zbek tilining xalqimizni birlashtiruvchi muhim ma’naviy omil ekanini yana bir bor e’tirof etishga xizmat qiladi.














