TDSHUda O‘zbekiston–Malayziya madaniy-ma’rifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi
2026-yil 4-may kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Tadbirni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori, professor Gulchehra Rixsiyeva kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Shundan so‘ng Universiti Teknologi Malaysia (UTM) rektori professor Mohd Shafri bin Mohd Rahim so‘zga chiqib, akademik hamkorlik istiqbollari haqida fikr bildirdi. Tadbir davomida talabalar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Xususan, 1-kurs talabalari tomonidan ijro etilgan “Tarian Melayu” malay milliy raqsi tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Shuningdek, “Pidato” taqdimot musobaqasi g‘oliblari haqida videorolik namoyish qilindi. 2 va 4-kurs talabalari tomonidan malay tilida notiqlik san’ati chiqishlari taqdim etildi.
Tadbirning badiiy qismi 3-kurs talabalari ijrosidagi “Lemak manis” hamda 4-kurs talabalari tomonidan kuylangan “Saya Anak Malaysia” qo‘shiqlari bilan davom etdi. Yakunda o‘qituvchi-volontyor professor Anida Sarudin barcha ishtirokchilarga minnatdorlik bildirdi.
Malayziya texnologiya universiteti (UTM) rektori Mohd Shafri bin Mohd Rahim boshchiligidagi 9 nafardan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Uchrashuv avvalida TDSHU rektori, professor G. Rixsiyeva universitetda amalga oshirilayotgan ta’lim jarayonlari, ilmiy-tadqiqot faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, sharqshunoslik sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimi haqida batafsil ma’lumot berdi. Ma’lumot uchun: TDSHUda malay tilini o‘qitish 2004-yilda yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda 224 nafar talaba mazkur tilni o‘rganmoqda.
Shuningdek, rektor Mohd Shafri bin Mohd Rahim universitetda faoliyat yuritayotgan Raja Zarith Sofiah Islom tadqiqotlari markazi (RZS-CASIS) haqida alohida to‘xtalib, mazkur markaz yaqin vaqt ichida fakultet maqomini olishini bildirdi. Ushbu markaz doirasida islom sivilizatsiyasi, jumladan, Moturidiy, Abu Rayhon Beruniy va Ibn Sino kabi buyuk mutafakkirlar merosini o‘rganishga katta e’tibor qaratilayotgani, bu yo‘nalishdagi tadqiqotlarni yanada kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv davomida UTM tomonidan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator takliflar ilgari surildi. Jumladan:
– Til o‘qitishda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish. Mazkur taklif ta’lim jarayoniga raqamli platformalar, sun’iy intellekt va interaktiv usullarni joriy etish orqali til o‘rganish samaradorligini oshirishni nazarda tutadi;
– Qo‘shma ilmiy maqolalar va monografiyalar nashr etish;
– Falsafa, tarix va tilshunoslik sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish. Bunda shu yo‘nalishlarda qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar va ta’lim dasturlari orqali hamkorlikni kengaytiriladi;
– Qo‘lyozma manbalarni almashish va birgalikda tadqiq etish. Mazkur taklif noyob tarixiy manbalarni o‘zaro taqdim etish va ularni birgalikda ilmiy o‘rganish orqali yangi ilmiy natijalarga erishishni maqsad qiladi;
– Ilmiy tadqiqot natijalarini qo‘shma moliyalashtirish asosida nashr etish. Ushbu taklif ilmiy ishlar nashri xarajatlarini ikki tomon hamkorlikda qoplash orqali ilmiy faoliyatni rag‘batlantirishni nazarda tutadi.
Rektor G. Rixsiyeva tomonidan ham mazkur takliflar qo‘llab-quvvatlanib, hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qator tashabbuslar ilgari surildi. Xususan:
– Qadimgi merosni zamonaviy texnologiyalar asosida o‘rganish. Mazkur tashabbus tarixiy va madaniy merosni raqamlashtirish va innovatsion usullar orqali o‘rganishni yo‘lga qo‘yib, yoshlarni ilmiy tadqiqotlarga jalb etishni ko‘zda tutadi;
– Abu Iso Muhammad At-Termiziy merosi bo‘yicha maxsus kurs ishlab chiqish. Ushbu taklif Markaziy Osiyodagi Islom merosini o‘rganishga qaratilgan maxsus o‘quv modulining bir qismi bo‘ladi;
– Malayziyalik talabalarni TDSHU Yozgi maktab dasturlariga jalb etish. Ushbu taklif talabalar uchun qisqa muddatli ta’lim, madaniy almashinuv va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish imkoniyatlarini yaratishni nazarda tutadi;
– “Mushtara so‘zlar” ilmiy lug‘atini tayyorlash va nashr etish. Ushbu tashabbus o‘zbek va malay tillaridagi o‘xshash va farqli ma’nolarga ega so‘z va iboralarni ilmiy asosda tahlil qilish orqali lingvistik tadqiqotlarni boyitishga qaratilgan.
UTM rahbariyati mazkur tashabbuslarni ijobiy qabul qildi hamda xorijlik tadqiqotchilar uchun ajratilgan 40 ta grant doirasida TDSHU vakillari uchun ham imkoniyat yaratish, shuningdek, akademik almashinuv dasturlari asosida 5 nafar talabani bepul o‘qitishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Shu bilan birga, talabalar vizalarini rasmiylashtirish jarayonini yengillashtirish va imtiyozli tartibda amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi.
Uchrashuv davomida iqtisodiy va amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir muhim tashabbus – “Halal” sertifikatini berish bo‘yicha markazni TDSHU hududida tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi. Mazkur tashabbusni amalga oshirishda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda ish olib borish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.































