TDSHUda O‘zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi va «USTravel Uzbekistan» o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-yil 21-iyul kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida O‘zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi hamda «USTravel Uzbekistan» tashkiloti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida talabalarning xorijda malakaviy amaliyot o‘tashi, mavsumiy ish va Work and Travel dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish, mazkur yo‘nalishda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda hamkorlik memorandumini imzolash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, universitetning turizm yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalari uchun xorijdagi nufuzli mehmonxonalar va turizm tashkilotlarida malakaviy amaliyotlarni tashkil etish, ularning xalqaro mehnat bozori talablariga mos kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida talabalar uchun xalqaro ta’lim, amaliyot va ish dasturlari doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda istiqboldagi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

