Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUda XXRning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri Fudan universiteti delegatsiyasi bilan xalqaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

30.10.2026, 15:17 Yangiliklar 30

2026-yil 30-oktabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Fudan universiteti Xorijiy tillar va adabiyot instituti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki universitet o‘rtasidagi akademik aloqalarni mustahkamlash, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Uchrashuvda Fudan universiteti Xorijiy tillar va adabiyot instituti, partiya qo‘mitasi raisi, professor Syue Xaysya (Xue Haixia) boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ishtirok etdi. Delegatsiya tarkibidan Rus tili fakulteti dotsenti Li Sinmey, professor Li Chjenxua, Tarjimashunoslik fakulteti professori Szin Xayna, Ingliz tili fakulteti dotsenti Sin Venszyuan, xalqaro dasturlar koordinatori Sya Peyyaodan iborat.

Muloqot davomida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori, professor Soadat Nasirova Fudan universiteti bilan ta’lim, ilm-fan va xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, talabalar va professor-o‘qituvchilar akademik almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, xalqaro ilmiy anjumanlar tashkil etish, til ta’limi va tarjimashunoslik yo‘nalishlarida tajriba almashish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda TDShUning Sharq xalqlari tillari va adabiyoti instituti, Xitoyshunoslik oliy maktabi, Tarjimashunoslik, tilshunoslik va xalqaro jurnalistika oliy maktabi hamda Konfusiy instituti faoliyati, ularda amalga oshirilayotgan ta’lim va ilmiy loyihalar, xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.

Ma’lumot o‘rnida, Xalqaro reytingda 26-o‘rinda, XXR Milliy reytingida 3-o‘rinda turadigan Fudan universiteti Xitoyning yetakchi tadqiqot universitetlaridan biri sifatida xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Ushbu tashrif ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’lim va  ilmiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, o‘zaro tajriba almashish va uzoq muddatli hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.