Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUga Iordaniya Ta’lim va inson resurslarini rivojlantirish vaziri Azmi Muhafaza hamda podshohlikning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi

16.11.2026, 17:10 Yangiliklar 21

2026-yilning 16-noyabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Ta’lim va inson resurslarini rivojlantirish vaziri Azmi Muhafaza hamda Iordaniyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni TDSHU rektori, professor S.A. Nasirova ochib berdi va mehmonlarni universitetning ilmiy-pedagogik salohiyati hamda xalqaro aloqalari bilan tanishtirdi. Rektor «Arab tili yurtimizga qadimda kirib kelgan va bu yerda ilm tili bo‘lib qolgan. Imom Buxoriy va Imom Termiziy, al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy va Mahmud Zamaxshariy o‘z asarlarini shu tilda yozganlar. Ularning barchasi bugungi O‘zbekiston zaminida tavallud topgan. Talabalarimiz uchun arab tili ham kasb, ham o‘z merosiga olib boradigan yo‘ldir. Universitetimiz Misr, Saudiya Arabistoni, Qatar va Ummon universitetlari hamda markazlari bilan 14 ta kelishuv imzolagan. Iordaniya bilan esa hozircha birorta ham yo‘q, ertangi forum esa buni o‘zgartirish imkonini beradi. Bu forum kabi uchrashuvlar ajoyib imkoniyat beradi. -deya ta’kidlab o’tdi.

O‘z navbatida, Iordaniya Ta’lim vaziri Azmi Muhafaza O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama ilmiy-akademik aloqalarga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi:
Professor Sh.Sh. Shomusarov “O‘zbekistonda arabshunoslik maktabi: tarixiy ildizlar va zamonaviy taraqqiyot” mavzusida ma’ruza qilib, yurtimizda arab tili va adabiyotini o‘rganishning boy tarixi hamda bugungi kundagi ilmiy yutuqlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

TDSHU dotsenti Ali Abdulzohir Abuumra “TDSHUda ta’lim sifatini oshirishda xorijiy professor-o‘qituvchilarning o‘rni va ularga yaratilgan sharoitlar” mavzusida so‘zga chiqib, universitetda chet ellik mutaxassislar uchun yaratilgan qulay ilmiy va ijtimoiy muhit hamda dars jarayonlaridagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, ilmiy konferensiyalar tashkil etish va kelgusidagi istiqbolli loyihalar yuzasidan kelishib oldilar.